Prezidentimizning 2020-yil 8-avgustdagi «2020-2021-yillarda Fargʻona viloyatining Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori ijrosi doirasi Qayroq massivida oʻzlashtirishga kirishilgan yaylov yerlarda yongʻoq, olma va nok bogʻlari, malina, tut hamda dorivor giyohlar plantatsiyalari barpo etilishi hisobiga 3 mingdan ziyod yoshlar doimiy ish oʻrniga ega boʻladi.
Shu maqsadda oʻtgan yili qurib foydalanishga topshirilgan, loyiha qiymati 91 mlrd soʻm boʻlgan ikki koʻtarmali «Qayroq» nasos stansiyasi, 1 metr diametridagi 4 km quvur tarmogʻi orqali 211 metr balandlikka obihayot chiqarib, Qayroq massividagi 1400 gektardan ziyod suvsiz yerlarni oʻzlashtirib, foydalanish imkonini berdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat sektorlari rahbarlari Qayroq massivida oʻzlashtirilayotgan yerlarda malina plantatsiyasi barpo etish jarayonlari bilan tanishdi. Ayni kunda dastlabki gektarlarda malina bogʻlari barpo etish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Bu yerda sarxil mahsulot yetishtirish, qayta ishlash, ichki va tashqi bozorga sotish yoʻnalishida klaster tizimi yoʻlga qoʻyildi. Natijada bir vaqtning oʻzida 400 dan ziyod soʻxlik yoshlarning doimiy bandligi taʼminlanadi.
Loyihaning ikkinchi bosqichda, 185 gektar maydonda kartoshka yetishtirish yoʻlga qoʻyiladi.
Viloyat hokimi soʻxlik nuroniylar, faollar, yoshlar bilan boʻlgan muloqotida yangi oʻzlashtirilayotgan yerlar aholi bandligini taʼminlash orqali kambagʻallikni qisqartirish va oilalar daromadini koʻpaytirish, yangi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashda oʻziga xos imkoniyat maydoni ekanligi va undan samarali foydalanish borasida yaratib berilgan imtiyoz va imkoniyatlardan unumli foydalanishga alohida eʼtibor qaratdi.
Rasuljon Kamolov,
«Yangi Oʻzbekiston» muxbiri.