Film qahramoni Shohruh shaxmatni tushunmaydigan, tabiatan boʻshang bola. Biroq oʻtmishdan kelgan bobosi uni qoʻllab-quvvatlaydi. Unga qadimiy shatranj oʻyinini oʻrgatadi. Aynan mana shu oʻyinlar asnosida oʻtmishdagi voqealar gavdalanadi.
Oʻtmish va zamonamizni tutashtiruvchi bu voqealarda erk va adolat yoʻlidagi kurashlar ham aks etib, unda inson zakovati har qanday qoʻshindan ustunligi namoyon boʻladi. Yaʼni, shatranj oʻyinidagi bahsda magʻlub boʻlgan zolim shoh Qorajon gʻolib cholning yurtini ishgʻol qilmaslikka vaʼda beradi.
“Chempion” filmida inson astoydil xohlasa, har qanday ishni uddalay olishi, yutuqlarni qoʻlga kiritishi mumkinligi aks etadi. Zero, “Yoshlikda olgan bilim toshga oʻyilgan naqshdir”, deb bejizga aytishmagan. Filmda har bir bola bilimli, gʻayratli va shijoatli boʻlishi, buning uchun sinov va mashaqqatlardan choʻchimasligi kabi gʻoyalar ilgari surilgan.
Film ssenariy muallifi Bahriddin Qoʻshmonov. Rejissyor Farhod Xudoyberdiyev. Tasvirchi Avaz Iskandarov. Filmda bosh rollarni Ozodbek Hayitboyev, Oʻzbekiston xalq artisti Muhammadsoli Yusupov, mahoratli aktyorlar Maʼruf Otajonov, Farhod Xudoyberdiyev, Nurmuhammad Abdumalikov, Mirsolih Azizov va boshqalar ijro etishgan.
Qiziqarli va quvnoq sarguzashtlarga boy “Chempion” filmi premyerasi 30-dekabr soat 19.10 da “Bolajon” telekanalida namoyish etiladi.
Nosir Boymirzayev,
jurnalist