Yangi yil archasini o'rnatishda qanday talablarga rioya etish lozim?

    Bu haqda AOKAda o'tkazilgan brifingda  FVV bosh boshqarma boshlig'i O'lmas Muzaffarov ma'lumot berdi.  

    Qayd etilishicha, odamlarning harakatlanish yo'llariga, darvoza va eshiklar oldiga archa o'rnatish taqiqlanadi. Archa mustahkam qilib o'rnatilishi, shoxlari devor va shiftlarga tegmasligi hamda isitish moslamalari yonida o'rnatmaslik lozim.

    Qo'lbola yasalgan girlyandalardan foydalanish qat'iyan man etiladi. Ochiq havoda ishlatiladigan girlyandalar mexanik ta'sirdan hamda namlikdan ishonchli himoya darajasiga ega bo'lishi uchun girlyandaning himoya darajasi IP65 dan kam bo'lmasligi, ya'ni, suv sachrashidan himoyalangan bo'lishi kerak.

    Ortiqcha yuklanish va qisqa tutashuvlarning oldini olish maqsadida elektr girlyandalarning iste'mol qilish tok kuchi hisoblangan holda elektr tarmog'iga himoya saqlagichlari o'rnatilishi shart.

    Yangi yil bayrami tadbirlarini o'tkazishda quyidagilar taqiqlanadi:

    yoyli projektorlar, shamlar, paqildoqlar (xlopushka) ishlatish, mushakbozlik qilish hamda yong'inga olib kelishi mumkin bo'lgan boshqa yong'inga xavli yoritish effektlar uyushtirish;

    archani tselluloidli o'yinchoqlar hamda olovdan himoya qilish tarkibi bilan ishlov berilmagan (shimdirilmagan) mato va paxta bilan bezatish;

    bolalarga tez yonuvchi materiallardan tikilgan kiyimlar kiygizish;

    xonalarni belgilangan me'yordan ortiq odamlar bilan to'ldirish.

    Ushbu qoidalarga rioya etish bilan siz o'zingiz va yaqinlaringizni xamda uy-joyingizni, mulkingizni yong'indan asrab qolgan bo'lasiz.