Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi tomonidan “Milliy kinematografiya — Yangi Oʻzbekiston timsoli” kino oyligi boʻlib oʻtadi.
Mazkur kino oylik davomida Agentlik tomonidan turli tadbirlar, yosh kinoijodkorlar uchun mahorat darslari, badiiy va hujjatli filmlarning kinoteatrlar hamda davlat, nodavlat telekanallardagi namoyishi boʻlib oʻtadi.
Taniqli kino va estrada yulduzlari uchun “qizil yoʻlak”, “Lolagulim”, “Avf”, “101 reys”, “Baron 2”, “Solnse na vkus”, “Chegara”, “Qurbon pochcha”, “Ayol qalbi” kabi eng yangi filmlarning katta premyerasi, yoshlar milliy festivali, “Oltin humo” milliy kinotaqdimoti, Respublika boʻylab “Mahallada duv-duv gap – Mahallamizda yangi Oʻzbekistonning yangi filmlari” loyihasi doirasida kinoteatr va madaniyat markazlarida bepul filmlar namoyishi oʻtkaziladi.
Bolalar uchun multfilmlar, qoʻgʻirchoq teatri, shuningdek, yangi yil bayrami munosabati bilan shou konsertlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga Oʻzbekiston kinematografiya agentligi tashabbusi bilan taniqli kinoijodkorlardan iborat Kinokarvon yurtimiz boʻylab ijodiy safarga chiqadi. Bayram arafasi ular bilan uchrashuvlar, ijodiy kechalar tashkil etish belgilangan.
Kino oylik doirasida yana “Xalq yuragi” turkum filmlarining ijodkorlari bilan uchrashuvlar hamda filmlar namoyishi, “Yangi Oʻzbekiston-Yoshlar nigohida” filmlar taqdimoti, “Yangilanayotgan Oʻzbekiston yangi avlod ijodkorlari” mavzusida S.A. Gerasimov nomidagi VGIK bitiruvchilarining birinchi xalqaro konferensiyasi, “Yangi Oʻzbekiston va milliy kinematografiya: taraqqiyot yoʻllarida kitob toʻplam taqdimoti, debyut filmar namoyishi, davra suhbatlari, fotokoʻrgazmalar ham oʻtkaziladi.
2021-yilning sarhisobiga bagʻishlangan kino oylik doirasida oʻtkaziladigan tadbirlar, davra suhbatlari, milliy taqdimotlar, namoyish etiladigan sara filmlar tomoshabinlar uchun munosib bayram tuhfasi boʻlishi kutilmoqda.