Yangi yirik stansiyalarni tarmoqqa ulash uchun 5 ta podstansiya kengaytiriladi

    Hukumat 28 Fevral 2024 1334

    Energetika vazirligiga joriy yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan 14 ta stansiya qurilishini jadallashtirish topshirildi.

    Bular - Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Toshkent, Fargʻona viloyatlarida 2 gigavattli 11 ta quyosh, Buxoro va Navoiy viloyatlarida 600 megavattli 3 ta shamol stansiyasi.

    Ushbu stansiyalarni barpo etish doirasida 500 kilometr yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari quriladi. Yangi yirik stansiyalarni tarmoqqa ulash uchun 5 ta podstansiya kengaytiriladi.

    Joylarda quyosh panellarini oʻrnatish boʻyicha ishlarni yanada kengaytirish, aholining “yashil” energiyadan foydalanish borasidagi intilishlarini qoʻllab-quvvatlash muhimligi taʼkidlandi.

    Bu maqsadlarga qoʻshimcha 50 million dollar resurs ajratish, xorijiy investorlar bilan muzokaralar oʻtkazib, yana 100 million dollar jalb qilishga koʻrsatma berildi.

    Tadbirkorlarga quyosh energiyasi quvvatlarini joriy etishda manfaatdorligini oshirish uchun qoʻshimcha yengilliklar yaratilishi belgilandi.