Ochilish marosimi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining Buxoro viloyat departamenti hamda Navoiy viloyat boshqarmasi hamkorligida tashkil etilmoqda. Taʼkidlash joizki, Bosh vazir oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov yaqinda Buxoro viloyatiga tashrifi davomida mahalliy mutasaddilar ishtirokida qator sayyohlik obyektlari singari mazkur dam olish maskanida ham boʻlib, olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishgan va zarur tavsiyalarni bergan edi.
Jahon talablariga javob beruvchi ushbu dam olish maskani loyihasiga koʻra, olib borilgan qurilish jarayonlari yakunida sohil boʻyida barpo etilayotgan plyaj dam olish sogʻlomlashtirish maskani va akvaparkning umumiy qiymati 6 mln dollarni tashkil etadi.
Shuningdek, ushbu sayyohlik obyekti plyaj, basseyn, akvapark, kichik “Disneyland”, 50 oʻringa moʻljallangan mehmonxona, dam olish tapchanlari, restoran, yozgi terassa, SPA-salon, tabiat qoʻynidagi oʻyingoh, tibbiyot burchagi, sogʻlomlashtirish maskani, sport maydoni, avtoturargoh va maxsus suv transportlari kabi turli qoʻshimcha xizmatlarni ham oʻz ichiga oladi. Ochiq osmon ostida oʻtkaziladigan bir-biridan qiziqarli konsert va shou dasturlari mehmonlarning maroqli dam olishi uchun xizmat qiladi.