Prezidentimizning 2021-yil 21-22-yanvar kunlari viloyatimizga tashrifi davomida bergan topshiriqlariga muvofiq “Yangi zamon” mahallasida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan 180-oʻrinli “Yangi avlod” maktabgacha taʼlim tashkiloti binosi qurib, jihozlanishi belgilangani mahalla ahlini behad quvontirdi.“Respublika inkassatsiya xizmati” davlat unitar korxonasi homiyligida bosh pudratchi “Neftgaz karat stroy” MCHJ tomonidan barpo qilingan bogʻcha qurilishiga 6 mlrd 507 mln soʻm, jihozlari uchun 1 mlrd 687 mln soʻm mablagʻ sarflandi
Tadbirda soʻz olganlar mahalla ahlini koʻpdan kutilgan zamonaviy muassasa bilan qutlashdi. Bu maktabgacha taʼlim tashkiloti tufayli oʻttizdan ortiq ishchi-mutaxassis bandligi taʼminlanayotgani taʼkidlangani holda hududda barkamol avlod savodxonligi va tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratish zarurligi qayd etildi.
Inshootda 6 ta guruh uchun moʻljallangan keng va yorugʻ xonalar, zamonaviy sport va musiqa zallari, shinam yotoqxona, 2 ta oshxona, yozgi ayvonchalar barpo qilingan. Har bir xonaga kuzatuv kameralari oʻrnatilgan hamda zarur mebellar bilan jihozlangan. Qisqa aytganda, tashkilotda bolajonlar uchun barcha qulayliklar, shart-sharoitlar yaratilgan. Mashgʻulotlar esa mohir pedagog-tarbiyachilar tomonidan olib borilishi yoʻlga qoʻyilgan.
Maʼlumot uchun, hozirgi vaqtda Qorakoʻl tumanida 3-7 yoshli bolalar soni 13 ming 340 nafarni tashkil etadi. Ular uchun 32 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti, 9 ta davlat xususiy sherikligidagi nodavlat maktabgacha tashkiloti, 1 ta xususiy nodavlat, qolaversa, 98 ta oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyat olib bormoqda. 8 ming 499 nafar bolajonlar maktabgacha taʼlim muassasalariga jalb qilingan boʻlib, qamrov darajasi 63,7 foizga yetgan.
Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati