Yangibozor tumanida “Maʼnaviyat va maʼrifat maskani” faoliyati yoʻlga qoʻyildi

    Madaniyat 23 Noyabr 2021 6257

    Xorazm viloyatidan Yangibozor tumani hokimi, tuman Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi tomonidan Yangibozor tumani maʼnaviy – maʼrifiy ishlar namunali yoʻlga qoʻyilgan “Eng namunali tuman” koʻrik-tanlovining Respublika bosqichida ishtirok qilish uchun tavsiya etildi.

    Shundan kelib chiqib, tuman markazida qisqa vaqt ichida “Maʼnaviyat va maʼrifat maskani” tashkil qilinib, foydalanishga topshirildi. Bugungi kunga kelib Maʼnaviyat va maʼrifat maskanida “IT markaz” va Axborot kutubxona markazi faoliyati yoʻlga qoʻyilib, mahalliy byudjetning qoʻshimcha mablagʻlari hisobidan zarur mablagʻlar ajratilib, jihozlar bilan taʼminlandi. Kutubxona 150 mingdan ziyod kitoblar, zamonaviy oʻquv zali, katta hajmdagi led monitor va bepul internet bilan taʼminlangan. Tumanimizda qad rostlagan Maʼnaviyat va maʼrifat maskani tumanimiz aholisining katta qismida kitobxonlik madaniyati shakllanishida muhim ahamiyat kasb etib kelyapti.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aytganlaridek “Bugun kitob oʻqigan bitta bola ertaga televizor koʻrib oʻtirgan oʻnta bolani boshqarishi mumkin...”.

    Kitob insoniyat va jamiyat madaniyatining ajralmas bir qismi boʻlib, insoniyat taraqqiyotining hamma davrlarida kishilarni tarbiyalash, ularning aqliy rivojlanish vositasi boʻlib kelgan. Kitob barcha sohaga oid bilimlarni toʻplash saqlash va maʼlumotlarni avloddan-avlodga yetkazib beruvchi vosita hisoblanadi.

    Hozirgi kunda yangi tashkil qilingan kutubxonaga bir kunda
    200 nafardan ortiq kitobxon tashrif buyuryapti.

    Xulosa qilib aytganda, yuksak intellektual salohiyatga, oʻz mustaqil dunyoqarashiga ega, tashabbuskor, jismonan sogʻlom va maʼnan yetuk boʻlgan haqiqiy vatanparvar insonlargina bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning hal qiluvchi kuchi, xalqimizning haqiqiy maʼnodagi himoyachisi hisoblanadi. Yuqoridagi ijobiy sifatlarning shakllanishida har bir kasb egasining kitobga oshno boʻlishi, nafaqat oʻz kasbiy faoliyatiga oid, balki turli janrdagi kitoblarni oʻqib, oʻz bilimi va dunyoqarashini kengaytirib borishida muhim ahamiyat kasb etadi.

    Raxmatjon Matyusupov,
    Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

    Xorazm viloyati Yangibozor tumani

    boʻlinmasi rahbari.