Yangiyerda mobil javonga ega ilk arxiv binosi foydalanishga topshirildi

    Mamlakatimizda 27 Dekabr 2021 2322

    Bugungi kunda Sirdaryo viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi tizimida oltita davlat arxivi mavjud boʻlib, ularda jami 550 mingdan ziyod hujjat saqlanadi.

    Xovos, Mirzaobod tumani va Yangiyer, Shirin shahrining arxiv hujjatlarini saqlashga xizmat koʻrsatuvchi Yangiyer davlat arxivi yangi binosi qisqa fursatda qurib, foydalanishga topshirildi.

    Yangiyer davlat arxivida, yuqorida qayd etilgan hududlarning ijtimoiy, ilmiy-texnikaviy va iqtisodiy tarixini aks ettiruvchi 100 mingdan ortiq hujjatlar saqlanyapti. Ularning eng qadimiysi 1917-yilga oid. Zamonaviy va texnik jihatdan toʻliq yangilangan arxiv binosi avvalgisiga nisbatan 2 barobar koʻp, yaʼni 200 ming hujjat sigʻimiga ega. Binoga viloyatda yagona boʻlgan hujjatlarni sifatli va uzoq muddat saqlashga moʻljallangan zamonaviy “Mobil” javonlar, shuningdek, zaruriy jihozlar, kompyuter jamlanmalari, internet tizimi va kuzatuv kameralari oʻrnatilgan.

    Obyektning ochilish marosimida Muhtaram Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar arxiv ishi tizimida ham oʻz aksini topayotganligi, bu esa fuqarolarning huquq va manfaatlarini taʼminlashga xizmat qilishi hamda soha faoliyati samaradorligini yanada oshirib, arxiv hujjatlarini kelajak avlod uchun asrab-avaylab yetkazishda ahamiyatli ekanligi taʼkidlandi.

    – Arxivlar xalqimiz hayotida muhim oʻrin tutadi, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi direktori Ulugʻbek Yusupov. – Tariximizni oʻrganmay, bilmay turib, yangichasiga yashashni, hayot tarzimizni oʻzgartirishimiz, zamonga, buyuk ajdodlarimizga mos avlodni tarbiyalashimiz mushkul..

    Arxiv binosida viloyatimiz, xususan Yangiyer shahri tarixiga oid muzey ham tashkil etilgan.

    Sirdaryo viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi matbuot xizmati.