Yangiyerda yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti bajarildi

    Salomatlik 28 Aprel 2022 1408

    Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida ilk bor yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi.

    Ushbu murakkab amaliyot Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markazi Sirdaryo viloyat filiali va Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasi tibbiyot xodimlar tomonidan shahar tibbiyot birlashmasining jarrohlik, shoshilinch tez tibbiy yordam va ginekologiya boʻlimlarida amalga oshirildi.

    7 nafar bemorda laparoskopik xoletsistektomiya, 1 nafar bemorda rinodakriotsistostomiya, yana bir nafar bemorda chap tomonlama nefrektomiya, 2 nafar bemorda liposaksiya, 5 nafar bemorda oʻng tuxumdon kistektomiya va 1 nafar bemorda bachadon simptomli miomasi bilan bogʻlik jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarildi.

    — Ilgarilari bu kabi jarrohlik amaliyotlari poytaxtda va viloyat markazidagi tibbiyot muassasalarda oʻtkazilar edi, — deydi Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Anvar Urolov. — Endi shahar aholisining ushbu turdagi kasalliklar uchun davo istab, vaqt va mablagʻ yoʻqotib poytaxtga va viloyat markaziga borishiga hojat qolmadi. Ushbu yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti “Mahorat darsi” asosida Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markazi Sirdaryo filiali jarrohlik boʻlimining malakali jarrohlari hamda shahar tibbiyot birlashmasining jarrohlari, operatsiya hamshira va anesteziologlari tomonidan oʻtkazildi. Ayni vaqtda bemorlarning ahvollari yaxshi. Hech qanaqangi shikoyatlar bildirilmadi.

    Yana bir muhim jihati, Yangiyerda oʻtkazilgan yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti sabab yangiyerlik mutaxassislar oʻz bilim va tajribasini oshirdi.

    Bundan tashqari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo filiali jarrohlari tomonidan, ertasiga, yaʼni jarrohlik amaliyotidan soʻng bemorlarni koʻruvi ham tashkil etildi. Bemorlarni holatiga qarab, ular tomonidan yangiyerlik shifokorlarga tegishli tibbiy maslahat va koʻrsatma ham berildi.

    Gʻulom Primov,

    Sirdaryo viloyat

    Sogʻliqni saqlash boshqarmasi

    matbuot kotibi.