Yangihayot tumanida savdo-koʻngilochar bulvar tashkil etish rejalashtirilmoqda

    Toshkent shahrining Yangihayot tumanida tuman aholisi uchun dam olish, sport, koʻngilochar va savdo imkoniyatlarini taqdim etadigan jamoat savdo-koʻngilochar bulvari qurilishi rejalashtirilmoqda.

    Toshkent shahri hokimligi poytaxt tadbirkorlarini “Toshkent Invest kompaniyasi” AJ bilan birgalikda davlat-xususiy sherikligi (DXSH) asosida ushbu bulvarni yaratish boʻyicha ekologik loyihada ishtirok etishga taklif qildi.

    Taʼkidlanishicha, ushbu bulvar — bolalar bilan dam olish, gastronomiya, koʻngilochar tadbirlar va shahar hayoti birlashadigan joy boʻladi.

    Loyiha inshootlari yengil konstruksiyalardan quriladi, bu esa tumanga oʻziga xos muhit yaratib, shahar aholisini jalb qiladi, shuningdek, investorlar uchun qurilish jarayonini tezlashtiradi.

    Loyiha dastlabki tarzda quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

    • gastronomik hudud: qahvaxonalar, restoranlar, tez taomlar va boshqalar;
    • sport hududi: fitnes markazi, basketbol maydonchasi, futbol maydoni va koʻcha sporti uchun boshqa inshootlar, shuningdek, sport tovarlari doʻkonlari;
    • savdo hududi: kiyim-kechak doʻkonlari, eko bozor va boshqa savdo binolari;
    • bolalar koʻngilochar hududi: batut markazi, oʻyin maydonchalari va bolalar avtodromi.

    Loyiha maydoni 3,1 gektarni, bulvarning uzunligi esa 1 kilometrni tashkil etadi. Rejalashtirilgan konteynerlar (savdo maydonchalarini joylashtirish uchun) 250 ta, funksional zonalar soni – 4 ta boʻladi.

    Axborotda qayd etishicha, obyekt davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida investorga uzoq muddatli ijaraga berilishi mumkin.

    Manzil: Yangixayot tumani, Sergeli-8 turar joy massivi, Toshkent halqa avtomobil yoʻli boʻylab (4R21).

    Loyihaning dastlabki konsepsiyasi allaqachon ishlab chiqilgan boʻlib, uni “Toshkent invest” kompaniyasi bilan bogʻlanish orqali koʻrish mumkin.