Bugun jinoyat ishlari boʻyicha Yangihayot tuman sudining cayyor majlisida S. E. (1989-yilda Toshkent viloyatida tugʻilgan, Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi 122-DMTT tarbiyachisi) va M. R.(2003-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, Andijon viloyati Paxtaobod tumanidagi Pedagogika kollejining 3-bosqich oʻquvchisi)ga oid maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqildi.
Sudning 2023-yil 8-iyundagi qarori bilan koʻra ikki nafar huquqbuzar Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 52-moddasi (yengil tan jarohati yetkazish) 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilib, ularning har biriga BHMning 4 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Ushbu qarordan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berishi va protest keltirishga haqlidir.
Sud tomonidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab taʼlimi bosh boshqarmasi boshligʻiga sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarlik yuzasidan mehnat munosabatlaridan kelib chiqib, rasmiy munosabat bildirish va tegishli chora-tadbirlar belgilash hamda huquqbuzarlik sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar yuzasidan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 313-moddasi tartibida taqdimnoma ham chiqarildi.
Shuningdek, Yangihayot tumanidagi 122-DMTT mutasaddilariga roʻyxatdan oʻtmasdan turib, tarbiyalanuvchilarni qabul qilinganlik holati va ular uchun toʻlovlar amalga oshirilganligini tekshirib, qonuniy baho berish maqsadida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 278-moddasi tartibida Yangihayot tuman prokuroriga xabarnoma yuborildi.