Yangilanayotgan Konstitutsiya matni Brayl alifbosida chop etildi

    Mamlakatimizda 4 Aprel 2023 1357

    Mamlakatimizda «Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Brayl alifbosida chop etildi. Bu ezgu ish Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi va «Barqaror rivojlanish markazi» tomonidan amalga oshirildi.

    Yangilanayotgan Konstitutsiya matnidagi normalarning yarmidan koʻpi insonning huquq va erkinliklarini himoya qilishning kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan. Jumladan, loyihaning 57-moddasiga muvofiq, mehnatga layoqatsiz va yolgʻiz keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasidadir.

    Konstitutsiya loyihasining 115-moddasida Vazirlar Mahkamasi aholini, shu jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimining samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlashi zarurligi belgilangan.

    Shuni ham qayd etish joizki, Milliy markaz tashabbusi bilan ilk marotaba Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va «Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida»gi qonun 2020-yilda Brayl alifbosida nashr etilgan.

    Oʻz navbatida, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining Brayl alifbosidagi nashri nogironligi boʻlgan yurtdoshlarimizning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga xizmat qiladi.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
    Milliy markazi
    matbuot xizmati.