Yangilanayotgan Konstitutsiya yoshlarga yangi imkoniyatlar beradi

    Mamlakatimizda 12 Aprel 2023 2823

    Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida “Konstitutsiyamiz – yorqin kelajagimiz kafolati” mavzusida targʻibot tadbiri boʻlib oʻtdi.

    Unda Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi Malika Qodirxonova hamda ushbu Qoʻmitada doimiy asosda ishlovchi senator Gulnora Maʼrufova ishtirok etib, konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va referendum haqida keng tushunchalar berib oʻtdi.

    Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida ilk marotaba oliy taʼlim tashkilotlariga akademik erkinlik berilishi, nodavlat taʼlim tashkilotlari qoʻllab-quvvatlanishi toʻgʻrisidagi qoidalar kiritilyapti.

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada tanlov asosida davlat hisobidan bepul oliy maʼlumot olinishi kafolatlanadi. Senatorlar 2017-yilgacha oliygohlarga kirish uchun davlat grantlari soni faqat qisqarib kelganligi, oxirgi olti yilda bu boradagi ahvol butunlay oʻzgarib, grantlar soni 2 baravar koʻpayib, 40 mingtaga yetganini alohida taʼkidlab oʻtdilar.

    Senatorlar ushbu normalar yosh avlodning zamonaviy mutaxassisliklarni egallashi, oliy maʼlumotli boʻlishi, taʼlim tizimini barqaror rivojlanishi uchun sharoit yaratishga qaratilgan muhim qoidalar belgilanganligini alohida taʼkidladilar.

    Yangilanayotgan konstitutsiyada davlat maktabgacha taʼlim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi va boshlangʻich professional taʼlim bepul ekanligi ham belgilanyapti. Muhokamada soʻnggi olti yilda bolalarning bogʻcha bilan qamrovi 27 foizdan 70 foizga oshgani hamda Konstitutsiyaga kiritilayotgan yangi normalar bu borada yangi marralarga erishish imkonini berishi taʼkidlandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Tadbir davomida referendumga befarq boʻlmasdan har bir fuqaro oʻz kelajagi uchun ham faol ishtirok etishi lozimligi alohida taʼkidlandi.