O'zbekistonning yangi Konstitutsiyasi loyihasi talabalarga ham keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Ijtimoiy normalar, tartib-qoidalar ta'lim sohasida ham o'z aksini topishi uchun moddalarga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi. Yaqqol misol sifatida yoshlarning oliy o'quv yurtlarida davlat hisobidan grant asosida o'qish huquqi Bosh qonunda belgilanayotganini ko'rsatish mumkin. Bu bilan iqtidorli yoshlarning davlat hisobidan oliy ta'lim olishi qat'iy kafolatlanmoqda.
2023-yilning “Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yili” deb e'lon qilinishi zamirida ham ta'limni yuksaltirish yotibdi. Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev ilgari surayotgan ezgu tashabbuslar, ta'lim sohasiga doir jadal islohotlar ijrosi bizning Namangan muhandislik-qurilish institutida ham izchil davom ettirilmoqda. Institutimiz ijarada turgan talabalarga to'lovlarining bir qismini qoplash, kam ta'minlangan oila farzandlariga moddiy yordamlar berish, faol talabalarni har tomonlama rag'batlantirish orqali ularni namunali darajada qo'llab kelmoqda.
Jumladan, sport musobaqalari, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar, muhim mavzudagi insholar, Yoshlar ittifoqi boshlang'ich tashkiloti va iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo'limi hamkorligida “Kashf etamiz”, “Eng yaxshi suratlar” kabi tanlovlar muntazam ravishda o'tkaziladi. G'oliblar va sovrindorlar munosib tarzda mukofotlanmoqda. Joriy o'quv yilining dastlabki ikki oyiga nazar tashlasak, talabalarga moddiy yordam belgilash bo'yicha: 301 nafariga stipendiyaning bir barobar miqdorida qariyb 156 million so'm, 25 nafariga ikki barobar miqdorida salkam 26 million so'm, 51 nafar talaba uch barobar miqdorida 79 million so'mdan ziyod, bundan tashqari, maxsus daftarlardagi talabalarning shartnoma to'lovlari uchun 49 nafariga 2,1 million so'mdan (jami 100 million so'm), 18 nafariga esa homiylarning pul mablag'lari ajratildi.
Bilim dargohimiz qurilish sohasi kadrlarini yetishtirishiga qaramay, bag'rida adabiyotga mehri baland yoshlarni ham tarbiyalamoqda. Xususan, iste'dodli yosh ijodkor Ahmadjon Muxtorjonovning Mustaqilligimizning 31 yilligiga bag'ishlangan “Yuragimdan o'ting Vatanga” nomli she'riy to'plami institut rahbariyati tashabbusi va moliyaviy ko'magi bilan ming nusxada chop etildi. “Zakovat” intellektual o'yinlari har haftaning payshanba kuni uyushtiriladi va mavsumiy g'oliblikni qo'lga kiritgan jamoalarga diplom va qimmatbaho sovg'alar taqdim etiladi.
Darvoqe, ajoyib xushxabar bor. Institutimizning Namangan shahri, Islom Karimov ko'chasidagi talabalar turar-joyi hududida davlat-xususiy sheriklik asosida 12 qavatli, umumiy loyiha qiymati 86 mlrd. 300 mln. so'mlik yangi turar-joy binosi barpo etish boshlandi. Yaqinda institut rektori, prorektorlar va qurilish tashkiloti mas'ullari ishtirokida mazkur turar-joy binosi loyihasi ko'zdan kechirildi. O'zbekona udumlarga muvofiq, jonliq so'yilib, duo-fotiha qilindi va qudratli mashinalar kotlovan qazishga kirishdi. “Nifrit impeks” MCHJ loyihasiga binoan ming o'rinli talabalar turar-joyi qurilishi shu yil oxiriga qadar yakunlanib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Qolaversa, yil avvalidan buyon 300 o'rinli yana bir yotoqxonada bunyodkorlik avjida. Ma'lumot uchun, institut tasarrufida hozirda ikkita talabalar turar-joyi mavjud va umumiy sig'imi 800 o'rindan iborat.
Alohida ta'kidlashni xohlardimki, yuqorida sanalgan amaliy sa'y-harakatlarning barchasi respublikamiz dorilfununlarida tahsil olayotgan yigit-qizlar kamoloti uchundir. Kelajagimiz egalarining huquq va manfaatlari yangilanayotgan Konstitutsiyada aniq-tiniq ifodalangani, huquqiy jihatdan mustahkamlab qo'yilayotgani quvonarli, albatta. Ha, biz, yoshlar shunday sharoitlar yaratilgan mamlakatda yashayotganimizdan juda faxrlanamiz. Yuksak g'amxo'rlik va qator imtiyozlardan ilhomlangan holda Vatanimiz taraqqiyoti uchun yetuk mutaxassislarga aylanib, tinimsiz mehnat qilamiz va ishonchni oqlaymiz.
Diyorbek SOATALIYEV,
Namangan muhandislik-qurilish instituti Yoshlar ittifoqi boshlang'ich tashkiloti yetakchisi