YUksak taraqqiy etgan mamlakatlar tajribasi tahlil qilinsa, ilm-fan, innovatsion texnologiyalar hamda ta'lim-tarbiya masalalariga davlatning eng muhim vazifasi deb qaralgani, kerak bo'lsa, ushbu soha vakillari har tomonlama ijtimoiy qo'llab-quvvatlangani va rag'batlantirilganiga guvoh bo'lamiz. Zero, millat va vatan ravnaqi, tom ma'noda, yuksak tafakkur sohiblari qo'lida ekani ayni haqiqat.
Prezidentimizning Oliy Majlisga va xalqimizga Murojaatnomasiga diqqat qaratilsa, aynan ta'lim sohasida olib borilayotgan islohotlar yurt taraqqiyotini belgilaydi, degan qarashning naqadar hayotiy ekanini ko'rish mumkin. Binobarin, natijasi darhol ko'zga tashlanmaydigan, ammo yaqin kelajakda butun mamlakat qiyofasini tubdan o'zgartiradigan qudratli omil, shubhasiz, ta'lim-tarbiya, ilm-fan masalalaridir.
Murojaatnomadagi ta'lim-tarbiya, ilm-fan sohasiga oid fikr-mulohazalarni nafaqat xalqimiz, balki dunyo miqyosidagi nufuzli ekspertlar e'tirof etmoqda. Xalqaro jamoatchilik va diplomatik korpus vakillari Prezidentimizning O'zbekiston parlamentiga yo'llagan Murojaatnomasida ta'kidlangan muhim tashabbuslarning dolzarbligini mamnuniyat bilan qayd etmoqda. Bu kabi e'tiroflar mamlakatimizning xalqaro maydondagi imiji va reytingi yanada yuqorilab borayotganidan dalolat beradi.
Prezidentimiz 2019 yil 24 yanvarda Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida ta'lim-tarbiya sohasiga alohida e'tibor qaratib, jumladan, maktab bitiruvchilarini oliy ta'limga qamrab olish darajasini 2020 yilda kamida yigirma besh foizga va kelgusida ellik-oltmish foizga etkazish, 2020-2021 o'quv yilidan boshlab davlat granti asosida o'qishga qabul bo'yicha davlat buyurtmasi parametrlarini bosqichma-bosqich oshirish, masofaviy o'qitish ko'lamini kengaytirish, xotin-qizlarni oliy ta'limga qabul qilishda alohida grantlar ajratish kabi vazifalar belgilangan edi. Albatta, bu borada ko'plab ishlar amalga oshirildiki, bundan barchamiz yaxshi xabardormiz. Quvonarlisi, yaqinda e'lon qilingan Murojaatnomada ham ta'lim sohasiga oid qator muhim tashabbus va takliflar ilgari surildi.
Xususan, Murojaatnomada aytilgan ta'limga oid eng muhim tashabbuslarga ko'ra, keyingi yildan oliy ta'limga ajratiladigan davlat grantlari soni kamida yigirma besh foiz oshiriladi. Oliy ta'lim muassasalariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun davlat grantlari ikki barobar ko'paytiriladi. A'lo baholarga o'qiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar uchun maxsus stipendiyalar joriy etiladi; xususiy oliygohlarga kerakli mutaxassislarni tayyorlash bo'yicha davlat buyurtmasi berish tizimi yo'lga qo'yiladi. Bularning barchasi kelgusida mamlakat istiqbolini belgilash bilan birga, o'qituvchining jamiyatdagi mavqeini oshirishga xizmat qiladi.
Pedagoglarning mashaqqatli mehnatiga baho berar ekan, Prezidentimiz mamlakatimizda ta'lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish masalalari muhokamasi bo'yicha o'tkazgan videoselektor yig'ilishidagi ma'ruzasida “Biz ustozni otaday ulug' deb bilgan, doimo ardoqlagan ma'rifatparvar xalqning vakillarimiz. Men ham o'qituvchi, muallim deganda o'zim uchun eng aziz va hurmatli bo'lgan ziyoli va zamonaviy, samimiy va mehribon insonlarni tasavvur qilaman”, degan edi.
O'tmishda ham, hozir ham davlat va jamiyat ravnaqiga asos bo'lgan ta'lim, tarbiya, ilm-fan barcha erishilgan g'alabalarga muhim omil bo'lib xizmat qilgan. Bunga tarixdan ko'plab misollari keltirish mumkin.
Xulosa qilib aytganda, yuksak marralarni ko'zlab katta yo'lga chiqqan, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etayotgan ekanmiz, barchamiz yagona maqsad yo'lida Prezidentimizga kamarbasta bo'lib, vijdonan ishga kirishsak, albatta, zafar biz tomonda bo'ladi.
Nosir JO'RABOEV,
Rashid BARATOV,
Toshkent davlat transport universiteti dotsentlari