“Turonbank” aksiyadorlik tijorat bankida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining jamiyatdagi ahamiyatini bank xodimlari va keng jamoatchilikka tushuntirish hamda Konstitutsiya asosida erkin, adolatli va farovon hayotni taʼminlashga qaratilgan yutuqlarni yoritishdir.
2023-yilgi referendum natijalari orqali Oʻzbekiston Konstitutsiyasining yangi talqini, huquqiy islohotlar va davlatning yangi siyosatiga asoslangan tizimlarni taʼminlashga imkon berdi. Bu islohotlar jamiyatda ijtimoiy adolat, inson huquqlarining himoyasi, korrupsiyaga qarshi kurash va boshqaruv tizimini yanada isloh qilishni koʻzda tutadi.
— Yangilangan konstitutsiyada xususiy mulk daxlsizligi va davlat tomonidan kafolatlanishi yanada aniqroq belgilandi. Bu oʻz navbatida bank tizimining ishonchliligini taʼminlash va investorlar uchun qulay muhit yaratishga xizmat qiladi. Uy-joy mulkdorlariga nisbatan 2 turdagi muhim konstitutsiyaviy kafolat belgilangan boʻlib, bular sud kafolati va uy-joydan mahrum etilganda kompensatsiya olish kafolati. Sud kafolati uy-joyga nisbatan mulk huquqi sud qarorisiz mahrum etilishiga yoʻl qoʻyilmasligini anglatadi. Mazkur tartib mulkdor har qanday holatda asossiz ravishda mulk huquqidan mahrum etilmasligini kafolatlaydi. Ikkinchi kafolat, yaʼni uy-joydan mahrum etilganda kompensatsiya olish kafolati boʻlib, mazkur norma qonunda belgilangan hollarda va tartibda uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorni shu uy-joy va yetkazilgan zarar uchun teng qiymatda kompensatsiya olishini kafolatlaydi, — deydi “Turonbank” ATB boshqaruv raisining maslahatchisi Aziza Rasulova.
Turonbank tomonidan tashkil etilgan tadbirda Konstitutsiyaning ahamiyati, fuqarolarning erkin va farovon hayotini taʼminlashdagi roli, huquqiy islohotlar, demokratiya va inson huquqlarini himoya qilish borasidagi yutuqlari haqida soʻz bordi.
Tadbirda Yoshlar ishlari agentligi xodimlari, Yoshlar Parlamenti aʼzolari, bank xodimlari va «Turonbank« ATB stipendiatlari ishtirok etib, Konstitutsiyaning asosiy prinsiplarini, uning oʻzgarishlarini va mamlakatimizda erkin va farovon jamiyat qurishga qaratilgan saʼy-harakatlarni tahlil qilishdi. Shuningdek, ishtirokchilarga yurtimizdagi ijtimoiy va huquqiy islohotlar haqida maʼlumotlar berildi.
Shu bilan birga Oʻzbekiston Milliy arxivi fondi bilan hamkorlikda Konstitutsiya tarixiga bagʻishlangan koʻrgazma ham tashkil etildi.