Yangilangan “Nurobod”dagi ulkan oʻzgarishlar aholi turmush farovonligida aks etyapti

    Mamlakatimizda 19 Fevral 2024 1104

    Bugun butun mamlakatimiz boʻylab eng chekka va olis hududlarda “Obod xonadon – obod koʻcha – obod mahalla” dasturlarini joriy etish maqsadida keng koʻlamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari olib borilyapti.

    Har insonning hayotdan mamnunligini, shahardagidek qulaylik va imkoniyatlarga ega boʻlgan zamonaviy maskanlarda yashash istagini roʻyobga chiqarish zamirida, shubhasiz, koʻplab islohotlar yotibdi.

    Ana shunday islohotlar Xorazm viloyat markazidan 200 kilometr uzoqlikda joylashgan, Tuproqqalʼa tumanining Nurobod mahallasida ham oʻziga xos bir yoʻnalishda amalga oshirilyapti.

    Mazkur mahalladagi 581 ta xonadon ahlining muammolari uyma-uy yurib oʻrganildi. Bundan kelib chiqib, 18 ta kam taʼminlangan, ehtiyojmand va boquvchisini yoʻqotgan oilalar xonadonlarida joriy va kapital-taʼmir ishlari olib borilyapti.

    Shuningdek, koʻchalarda “Obod koʻcha” dasturi doirasida infratuzilma yaxshilana boshlandi. Xususan, yoʻllar asfaltlandi, yana bir qismiga shagʻal yotqizildi, lotok, ariq, kanal, kollektor-zovurlar tozalandi, suv inshooti oʻrnatish bilan birga 1,5 kilometr ichimlik suvi tarmogʻi taʼmirlanib, yana shuncha masofada yangisi oʻtkazildi.

    Bundan tashqari, gaz taqsimlash punktlari taʼmirlandi, yana yangisi ham oʻrnatildi, gaz quvurlari taʼmirlanib, 300 metr yangidan tortildi, yangi transformator oʻrnatildi, mavjudlari taʼmirlandi, 198 dona eskirgan simyogʻochlar 222 dona beton ustunlarga almashtirildi, 9 kilometr elektr simlar tortildi.

    Ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash yoʻlida 11 nafar fuqaroning bandligi taʼminlandi, 20 nafar shaxsning oʻzini oʻzi band qilishiga koʻmaklashildi.

    Shuningdek, mahalliy xalq tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, kasalligi aniqlanganlarining davolanishi taʼminlandi.

    “Obod xonadon”, “Obod koʻcha” va “Obod mahalla” dasturlarini joriy etishning ikkinchi bosqichida 17 ta mahallada namunaviy “Yoʻl xaritasi” asosida ishlar belgilab olindi.

    Mazkur islohotlar koʻp millatli Tuproqqalʼa xalqining hayoti, farovon turmushi, yorqin istiqboli, farzandlar kamoloti va orzu-istaklari roʻyobida oʻz ifodasini topyapti.

    Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, bugun nurobodliklar ham qishning qahridan qoʻrqmasdan issiq uylarida kun kechira boshladi. Endi ichimlik suvi muammosi birlamchi masala emas. Bolalar ravon yoʻllardan maktab va bogʻchalarga qatnayapti. Koʻchalar keng va yorqin. Yoshlar ish izlab sarson emas. Faqat ulardan bilim, yangilikka intilish, eli va yurti farovonligiga daxldorlik hissi talab etiladi, xolos.

    Hali oldinda qilinadigan ishlar koʻp. Muhimi, endi mahalliy aholi gurungida boshqacha shijoat, boshqacha kayfiyat, koʻtarinki ruh ufurib turibdi. Mana shu emasmi islohotdan kutilgan marra.

    Gulnoza Sobirova,

    Tuproqqalʼa tumani hokimining

    davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchisi.