Yangiyoʻl DXM yangi binoga koʻchib oʻtdi

    Raqamlashtirish 5 Aprel 2021 984

    Yangiyoʻl shahrida 65 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Kundan-kunga Davlat xizmatlariga boʻlgan talab va ehtiyoj oshib boryapti.

    Maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning oʻtgan 3 oyi mobaynida Davlat xizmatlari markazi tomonidan qariyib 13 mingga yaqin davlat xizmatlari koʻrsatildi. Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida 50 ta, yuridik shaxs sifatida esa 81 ta yangi tadbirkorlik subyektlari davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

    Markaz tomonidan bolalarni maktabgacha taʼlim muassasasiga qabul qilish, tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish, elektr, gaz, suv tizimlariga ulanish, manzil-maʼlumot axborotlarini taqdim etish, fuqarolarni jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida hisobga qoʻyish kabi davlat xizmatlari boʻyicha murojaatlar koʻp boʻlmoqda.

    Yangiyoʻl shahar Davlat xizmatlari markazi yangi binoga koʻchib oʻtdi. 3 qavatli, 1500 metr kvadratdan ortiq maydonni egallagan yangi binoni foydalanishga topshirish marosimida Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi direktori oʻrinbosari Noʻmon Muhammadiyev, Viloyat adliya boshqarmasi, shahar sektor rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

    Binoning tashqi va ichki qismi betakror dizayni, yaratilgan sharoitlari bu yerga keluvchilarga yaxshi kayfiyat ulashish bilan bir qatorda, sifatli xizmat koʻrsatish imkonini beradi. Ayniqsa, shinam zal boʻylab oʻrnatilgan belgilar, sizni doimo tabassum bilan kutib oluvchi maslahatchilar, ona va bola xonasi, oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish xonasi, shinam kutubxona, kutish joylarning tashkil etilgani mijozlar uchun qoʻshimcha qulaylik yaratadi.

    —Bugun yurtimizning barcha hududida nafaqat tadbirkorlarga, balki aholiga ham eng zarur va talab yuqori boʻlgan davlat xizmatlarini “yagona darcha” tamoyili boʻyicha koʻrsatish maqsadida davlat xizmatlari markazlarining yagona tarmogʻi yaratildi, — dedi Yangiyoʻl shahar Davlat xizmatlari markazi direktori Valixoʻja Holxoʻjayev. — Markaz binosining qurilishida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Bu, axborot tizimlarini idoralararo integratsiya qilinishini kuchaytirib, aholining davlat xizmatlarini qulay va oʻz vaqtida olish imkoniyatini beradi. Tashrif buyuruvchilarning navbatini tartibga solish va ularga xizmat koʻrsatishni baholab borish maqsadida “QMATIC” qurilmalari tizimi oʻrnatildi. Bunday imkoniyatlar aholiga yana-da qulayliklar yaratib, tezkor va sifatli xizmat koʻrsatishni taʼminlaydi.

    Endi aholiga keng, yorugʻ va shinam xonalarda xizmat koʻrsatiladi. 10 ta qabul oynasida shaffoflik mezoni asosida xizmatlar koʻrsatilsa, elektron navbat tizimi 5 ta monitorda aks etib turadi.

    DXA Toshkent viloyati boshqarmasi

    matbuot xizmati