Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya ayni paytda Xitoy Xalq Respublikasining poytaxti Pekin shahrida bo‘lib turibdi. Delegatsiya savdo va investitsiyaviy hamkorlikni kuchaytirish borasida bir qator manfaatli uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Shu kabi uchrashuvlar chog‘ida Toshkent viloyati hokimligi va “Beijing China sciences runyu environmental technology co Ltd” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Unga ko‘ra, Yangiyo‘l shahrida qiymati 120 million AQSH dollari bo‘lgan chiqindini qayta ishlash zavodi qurilishi rejalashtirilgan. Loyiha ishga tushsa, kuniga 800 tonna chiqindi yoqish orqali ishlaydigan elektr stansiyasi aholiga xizmat ko‘rsatishni boshlaydi.
Mazkur loyihani kelgusida yanada kengaytirib, kunlik quvvatini 4 ming tonna chiqindini zararsiz yoqish, elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘zda tutilmoqda.
Yaratilayotgan ish o‘rni 150 nafardan ortiq. Stansiya to‘liq quvvat bilan ishga tushganida, sarmoyaviy miqdori 400 million AQSH dollariga yetishi kutilmoqda.