Yangiyo'l tumani Davlat xizmatlari markazida yaratilgan shart-sharoitlarga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi

    Ijtimoiy hayot 9 Dekabr 2020 2368

    Davlat xizmatlari agentligi tomonidan fuqarolarning elektron davlat xizmatlaridan foydalanish madaniyatini oshirish, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalanishning boshlang'ich ko'nikmalari bo'yicha maslahatlar berish, davlat xizmatlari ko'rsatilishida ochiqlik, tezkorlik va shaffoflikni ta'minlash, fuqarolarning ortiqcha vaqt yo'qotishini oldini olish, jismoniy va yuridik shaxslarga keng qamrovli, shu jumladan, mobil` (sayyor) davlat xizmatlarini ko'rsatish yuzasidan taqdimotlar o'tkazilmoqda

    Shuningdek, qishloq va ovullarda tashkil etilgan DXM filiallari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, davlat xizmatlari ko'rsatish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan aholiga ma'lumotlar berilayapti.

    Toshkent viloyati, Yangiyo'l tuman Davlat xizmatlari markazida bo'lib o'tgan ana shunday taqdimot marosimida Agentlik direktori o'rinbosari N.Muhammadiev ishtirok etib, tuman aholisiga zamonaviy arxitektura echimi asosida qurilgan, eng so'nggi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan, 2 qavatli markaz binosida fuqarolarga yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar, elektron navbat olish qurilmasi, infokiosk, kutish zali, fuqarolarga zarur to'lovlarini shu erning o'zida amalga oshirish imkonini yaratish uchun bank shaxobchasi tashkil etilganligi haqida batafsil ma'lumot berdi. SHuningdek, bu erdan adliya, fuqarolik holati dalolatnomalari yozish tuman bo'limlari, tadbirkorlar murojaatlarini ko'rib chiqish uchun Bosh vazir qabulxonasi, investorlar uchun alohida xona, notarial xizmat xonasi, kichik kutubxona, bolalar maydonchasi va bufet o'rin olgan.

    Taqdimotda “DXM-MAHALLA-FUQARO” tamoyiliga alohida e'tibor qaratilib, Davlatimiz rahbarining joriy yil noyabr` oyida Qashqadaryo viloyatiga tashrifi doirasida Qarshi shahar Davlat xizmatlari markazida fuqarolarimizga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib chiqish jarayonida bergan ko'rsatmalari asosida “Qarshi tajribasi” loyihasiga start berilganligi aytib o'tildi. “Qarshi tajribasi” asosida davlat xizmatlaridan foydalanish ko'nikmalarini mahallalarda, shuningdek, yoshlar o'rtasida shakllantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mahalla va maktablarda masofadan turib davlat xizmatlaridan foydalanish bo'yicha maxsus treninglar, mahorat darslar o'tkazilmoqda.

    Tadbirda davlat xizmatlari ko'rsatish yuzasidan fikr-mulohaza almashinilib, qatnashchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.

    Davlat xizmatlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi

    Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo'limi