Rejaga muvofiq, joriy yilning 23-fevral kuni Yangiyo'l tumanida Falastindan kelgan oilalar uchun iftorlik dasturxoni tashkil etildi.

Dastlab, tumandagi 3 ta oila uchun iftorlik o'tkazildi. Unda mutasaddi tashkilotlar vakillari, tuman hokimligi, ijtimoiy xodimlar, qo'ni-qo'shnilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Tashrif davomida mehmonlar bilan yaqindan suhbatlashildi.

Ma'lumot uchun, mamlakatimizga sog'lomlashtirish maqsadida 100 nafar falastinlik mehmon olib kelingan. Ularning 4 nafari Turkiyaga qaytgan bo'lsa, ayni paytda 96 nafari (33 ta oila) yurtimizda istiqomat qilmoqda:

47 nafari bolalar, 40 nafari ayollar va 9 nafari erkaklardir.

Hozirga qadar Respublika komissiyasi bayoni qabul qilinib, falastinlik bemor bolalar va ayollar hamda ularga hamrohlik qiluvchilarning ijtimoiylashuvini ta'minlash bo'yicha harakatlar rejasi tasdiqlangan.

Bolalar maktabgacha va maktab ta'limi bilan qamrab olingan. Shuningdek, 27 nafar mehmon sport maktablari va klublardagi to'garaklarga jalb etildi, 41 nafari sport formasi bilan ta'minlandi, 16 nafari muntazam mashg'ulotlarda ishtirok etmoqda.

— Madaniy-ma'rifiy yo'nalishda 11 ta hudud kesimida teatr, konsert, ko'rgazma va tarixiy maskanlarga tashriflarni o'z ichiga olgan dasturlar amalga oshirilmoqda. Mehmonlarning mahallaga moslashuvini tezlashtirish maqsadida ular to'ylar, oilaviy marosimlar va boshqa an'analarga jalb etilmoqda, — dedi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bosh mutaxassisi Bekzod Jumaboyev. — Har bir oila bilan individual ishlayapmiz. Asosiy maqsad — ularning sog'lig'ini tiklash, bolalarini ta'limga qamrab olish, bandligini ta'minlash va jamiyatga moslashuviga ko'maklashishdir. Ramazon oyidagi iftorlik tadbirlari ham ana shu e'tibor va g'amxo'rlikning bir qismi. Mehmonlar o'zlarini yurtimizda yolg'iz his qilmasligi kerak.

Ramazon oyidagi tadbirlar nafaqat moddiy, balki ma'naviy qo'llab-quvvatlashni ham ta'minlab, mehmonlarning ruhiy va ijtimoiy ahvolini mustahkamlaydi.

Shuningdek, falastinlik mehmonlar o'z fikrlarini bildirdi:

— Biz uchun eng muhimi — bolalarimiz taqdiri. Hozir farzandlarimiz maktablarda o'qiyapti, ayrimlari o'zbek tilini o'rganmoqda. Kichiklari bog'chaga qatnashmoqda. Biz, kattalar ham ish bilan ta'minlandik. O'zbekiston faqat boshpana bermadi, balki hayotimizni qayta boshlash imkoniyatini berdi. Ramazon oyida iftorlik dasturxonlariga taklif qilinganimiz, mahallalardagi samimiy muhit bizga katta dalda bo'ldi. Biz O'zbekiston Prezidenti va xalqingizga minnatdorchilik bildiramiz, — dedi mehmonlardan biri.

Mehmonlar o'z hayoti va bolalari taqdiri uchun yaratilgan imkoniyatlarni yuqori baholab, O'zbekistonda o'zlarini xavfsiz va qo'llab-quvvatlangan his qilmoqda.

Yana bir falastinlik mehmon qo'shimcha qildi:

— Biz bu yerga kelganimizda juda og'ir holatda edik. Vatanimizda dori-darmon, xavfsizlik, hatto oddiy yashash sharoiti yetishmas edi. O'zbekiston bizga eshiklarini ochdi. Bolalarimiz maktabga joylashtirildi, bog'chalarga qabul qilindi. Ayrimlarimiz ish bilan ta'minlandi. Biz o'zimizni begona emas, xuddi shu yurtning bir qismiday his qilyapmiz. Bu mehrni hech qachon unutmaymiz. Qizim kelgan paytda sog'lig'i yaxshi emas edi. Bu yerda operatsiya qilindi va barcha zarur yordamlar ko'rsatildi. Shifokorlar va mas'ullarga cheksiz rahmat aytaman.

Toshkent viloyati Yangiyo'l tumani bosh imom xatibi Bahodir Madumarov ham fikr bildirdi:

— Ramazon — saxovat va bag'rikenglik oyi. Payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v.) marhamat qilganlarki, bir ro'zadorga iftorlik qildirgan insonga ham katta savob yoziladi. Bugun mahallalarimizda falastinlik birodarlarimiz bilan bir dasturxonda o'tiribmiz. Bu — insonparvarlik va birodarlik namunasi.

Bosh imom xatibining ta'kidlashicha, mahallalarda ehtiyojmand oilalarga moddiy va ma'naviy yordam ko'rsatish ishlari muntazam davom etmoqda.

Mehmonlar o'zlarini o'zbek fuqarolaridan kam his qilmayotganini alohida ta'kidlashdi.

Ayni paytda Respublika komissiyasi a'zolari har hafta mehmonlar holidan xabar olib, ularning ijtimoiy, tibbiy va ma'naviy qo'llab-quvvatlanishini ta'minlab kelmoqda.

Barcha sa'y-harakatlar mehmonlarning hayotini osonlashtirish, ularni jamiyatga integratsiya qilish va ma'naviy qo'llab-quvvatlashga qaratilgan. 

Zulxumor Akbarova