Yangi bino eng zamonaviy axborot texnologiyalari vositalari bilan jihozlangan boʻlib, fuqarolarga keng, yorugʻ va shinam xonalarda xizmatlar koʻrsatiladi. Bu yerda 210 mingdan ortiq tuman aholisiga xizmat koʻrsatish uchun barcha qulayliklar yaratilgan.

Eng zamonaviy arxitektura yechimi asosida qurilgan 2 qavatli Markazda infokiosk, kutish zali, kichik kutubxona, bolalar maydonchasi, bufet, adliya, FHDYO boʻlimi, tadbirkorlar uchun bosh vazir qabulxonasi, investorlar uchun alohida xona, notarial xizmat xonalari tashkil etilgan. Bank shoxobchasi ham markazning oʻzida tashkil etilganligi fuqarolarning zarur toʻlovlarini shu yerning oʻzida amalga oshirish imkonini beradi.

Markaz bir vaqtning oʻzida 28 nafar, bir kunda 400 nafar fuqaroga xizmat koʻrsata oladi. Elektron navbat tizimi 8 ta monitorda aks etib turadi. Zal boʻylab 2 qatorda tizilgan 28 ta qabul oynasida koʻrsatiladigan xizmatlarda shaffoflik asosiy mezon sanaladi, deb xabar beradi DXA matbuot xizmati.