Taniqli aktyor Oʻzbekistonning Yaponiyadagi turizm elchisi etib tayinlandi

    Turizm 30 Avgust 2024 511

    Yaponiyalik taniqli aktyor va boshlovchi Keysuke Minamini “Oʻzbekistonning Yaponiyadagi turizm elchisi” etib tayinlandi va sertifikat topshirildi.

    Bu haqda «Dunyo" AA xabar berdi.

    Taʼkidlanishicha, Keysuke Minami joriy yilning aprel oyida Yaponiyaning eng mashhur sayyohlik koʻrsatuvi – “Asada! Namadesu tabi sarada”ning Oʻzbekistonga bagʻishlangan turkum koʻrsatuvlarini tasvirga olindi. U mazkur loyihani suratga olish uchun mamlakatimizga amalga oshirilgan ijodiy safari juda katta taassurot qoldirganini taʼkidladi.

    Yapon aktyori Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Fargʻona, Margʻilon shaharlarining tarixiy obidalari, milliy taomlari, mehmondoʻst xalqi va ushbu hududlarda sayyohlar uchun yaratilgan qulayliklarni juda yuqori baholadi. Tashrif yakunlari boʻyicha tayyorlangan Oʻzbekistonning turizm salohiyatiga bagʻishlangan 5 qismli koʻrsatuv yapon tomoshabinlari orasida ham juda katta qiziqishga sabab boʻldi.

    Keysuke Minami bilan oʻtkazilgan uchrashuv davomida elchixona bilan hamkorlikda Yaponiyada mamlakatimizning turizm salohiyati va Oʻzbekiston turizm brendini keng targʻib qilish, sayyohlik loyihalarini amalga oshirish, yetakchi OAVda yurtimiz salohiyati haqida koʻrsatuvlar tayyorlash va maqolalar chop etish boʻyicha kelishib olindi.

    “Oʻzbekistonning Yaponiyadagi turizm elchisi” etib tayinlanganimdan juda baxtiyorman, – dedi aktyor Minami Keysuke. – Menga bildirilgan ishonch juda katta masʼuliyat hamdir. Hozirgi kunda Yaponiyaning mashhur sayyohlik koʻrsatuvi “Tabi sarada”ning boshlovchisi sifatida ham faoliyat olib bormoqdaman. Ushbu koʻrsatuvning Oʻzbekistonga bagʻishlangan turkum sonlarini suratga olish maqsadida joriy yilning aprel oyida uch hafta mobaynida Oʻzbekistonda boʻldim. Tashrif davomida oʻzbek xalqining mehmondoʻstligi va ochiq koʻngilligiga qoyil qoldim. Shuningdek, Oʻzbekistonning Samarqand va Buxoro kabi shaharlaridagi qadimiy obidalarning goʻzalligi meni oʻziga maftun etdi. Oʻzbek milliy taomlari, jumadan, osh menga juda yoqdi. Kelgusida Oʻzbekiston elchixonasi bilan birgalikda Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatini keng targʻib qilish boʻyicha ishlarni yanada jadallashtiramiz».

    Keysuke Minami 1985-yilda Tokio shahrida tugʻilgan. Yaponiyaning mashhur Vaseda universiteti bitiruvchisi. Bir qancha yapon kino va seriallarida bosh rollarni ijro etgan. Yaponiyaning eng mashhur sayyohlik koʻrsatuvi – “Asada! Namadesu tabi sarada”ning asosiy boshlovchilaridan biri sifatida faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, u “Jahon tarixiy merosi” master sertifikatiga ega boʻlib, “Jahon merosi akademiyasi” lektori sifatida ishlaydi.