Yaponiya yetakchi kompaniyalarining 300 ga yaqin rahbarlari va vakillari ishtirok etgan mazkur anjuman Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasining oʻtgan yilning dekabr oyida Yaponiyaga tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlar amaliy ijrosining davomi boʻlib, Oʻzbekistonda biznes yuritish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlarni keng targʻib qilishga moʻljallangan.

Tadbirda Yaponiya tomoniga Federatsiyaning “Yaponiya-MDH” biznes hamkorligi Qoʻmitasi raisi F.Kokubu rahbarlik qildi. Biznes-anjumanda “Itochu Corporation”, “Japan Tabako”, Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti (JETRO), Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC), “Marubeni Corporation”, “Mitsubishi Corporation”, “Mitsubishi Electric”, “Nippon Express”, “Mitsui & Co.”, “Panasonic Corporation”, “Shimizu Corporation”, “Sumitomo Corporation”, “Toyota Tsuse Corporation”, “Yokogawa Electric” va boshqa kompaniyalar kabi 25 Keydanrenga aʼzo yetakchi tashkilotlar rahbarlari ham ishtirok etdi.

Anjuman doirasida Oʻzbekiston tomoni Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi siyosiy, diplomatik hamda savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishning joriy holati va istiqbollarini atroflicha ochib berdi, shuningdek, Oʻzbekiston bozorida Yaponiya biznesini tizimli qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga sodiqligini bildirdi.

F.Kokubu ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, moliyaviy, texnik va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishda ijobiy tendensiyani qayd etdi. Uning zamirida 2019-yilning dekabr oyida Yaponiyaga oliy darajadagi tashrif yakunida erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirishga qaratilgan tegishli vazirlik va idoralarning samarali hamkorligi yotibdi.

Ochiq muloqot tarzida kechgan biznes-anjumanda Yaponiya ishbilarmon doiralari vakillari Oʻzbekistonda yangi qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etish istiqbollarini hamda kelgusida sheriklik munosabatlarini yoʻlga qoʻyish uchun eng jozibador sohalarni muhokama qilish imkoniga ega boʻldilar. Bu Yaponiya ishbilarmon doiralarining Oʻzbekiston bozoriga qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Tadbir davomida savol-javoblar sessiyasi ham oʻtkazilib, unda yaponiyalik ishbilarmonlar va tadbirkorlar oʻzlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan atroflicha maʼlumot oldilar.

Tadbir yakunida “Yaponiya-MDH” biznes hamkorligi Qoʻmitasi raisi F.Kokubu boshchiligidagi Keydanren delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish hamda Toshkent shahrida Oʻzbekiston – Yaponiya biznes – forumini oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.