Yaponiya COVID-19 ga qarshi 200 000 dozadan ortiq AstraZeneca vaksinasini yubordi

    Salomatlik 25 Mart 2022 1940

    Yaponiya hukumati COVAX mexanizmi orqali Oʻzbekistonga COVID-19 ga qarshi 200 000 dozadan ortiq vakwinalarni taqdim etdi.

    Yaponiya hukumati COVID -19 ga qarshi davom etayotgan kurash doirasida bugun Oʻzbekistonga 200 ming dozadan ortiq AstraZeneca vaksinasini taqdim etdi. Vaksinalarni yetkazib berish COVAX mexanizmi orqali YUNISEF bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

    “Yaponiya Oʻzbekistonning COVID -19 ga qarshi kurashdagi saʼy-harakatlarini, jumladan zamonaviy tibbiy uskunalar va shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlash hamda aholining ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan zaif qatlamlariga yordamini doimo qoʻllab-quvvatlab keladi”, — dedi Yaponiyaning Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yoshinori Fujiyama Janobi Oliylari. “Hozirgacha biz Oʻzbekistonda COVID -19 ga qarshi kurashish uchun jami 10 million dollardan ortiq mablagʻ ajratdik. Bugun Yaponiya Oʻzbekiston xalqi uchun qimmatli vaksinalarni yetkazib beruvchi davlatlar guruhiga qoʻshilganini eʼlon qilishdan juda mamnunman”.

    U, shuningdek, ushbu yordam Oʻzbekiston xalqining sogʻlom turmush tarziga koʻmak berishiga hamda diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligini nishonlaydigan ikki davlat oʻrtasidagi doʻstlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi deb umid bildirdi.

    Yaponiya hukumatining ehsoni vaksina yetkazib berish va tarqatish boʻyicha global mexanizm doirasida amalga oshirilyapti. Ushbu vaksinalar hozirgi vaqtdagi taʼminot taqchilligini yumshatish va, eng muhimi, yangi variantlardan himoya qilish va maqsadli guruhlarga emlashni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

    Bugungi vaksinalar bilan birgalikda Oʻzbekiston tomonidan olingan COVID -19 vaksinalarining umumiy soni 61 million dozaga yetdi. Bundan tashqari, YUNISEF shprislar, xavfsizlik qutilari va shaxsiy himoya vositalari kabi xavfsiz emlash vositalarini xarid qildi va yetkazib berdi.

    COVAX mexanizmi doirasida, YUNISEF 2022-yil oʻrtasiga qadar yana 24,6 million doza COVID -19 ga qarshi vaksinalarini yetkazib berishni rejalashtirgan.

    “Oʻzbekistonda emlash kampaniyasi davom etar ekan, butun dunyo boʻylab virusning yangi turlari paydo boʻlyapti va bunday xayriyalar Oʻzbekiston xalqi uchun oʻz vaqtida boʻlib, hayotiy ahamiyatga ega”, — dedi YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari oʻrinbosari Joffri Ijumba. “Oʻzbekiston xalqi bilan doimiy birdamlikni namoyish etgani uchun Yaponiya hukumatiga chuqur minnatdorchilik izhor etamiz”.

    YUNISEF dunyo miqyosida COVAX doirasida vaksinalarni yetkazib berishni tashkil qilyapti. Oʻzbekistonga yetkazilgan vaksinalar mamlakatda infeksiyani yuqtirishi va COVID -19 dan ogʻir kasallik rivojlanishi xavfi yuqori boʻlgan aholini emlash boʻyicha saʼy-harakatlarga hissa qoʻshib kelyapti, deb xabar beradi YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati.