“Dunyo” AAning xabar berishicha, yurtimiz elchixonasida 2024-yilda Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, taʼlim va turizm sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlik rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan yapon tashkilotlari va fuqarolarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Elchi Muhsinxoʻja Abdurahmonov tadbir avvalidagi nutqida, bugungi kunda Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi munosabatlar barcha sohalarda sezilarli darajada kengayib borayotganligini taʼkidladi.
Marosimda “Yaponiya-Oʻzbekiston” jamiyati raisi Fumihiko Kato soʻzga chiqib, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan tub islohotlar va ularning ijobiy natijalarini yuqori baholadi. “Oʻzbekistonda har yili 6 foizga yaqin iqtisodiy oʻsish kuzatilmoqda. Yildan yilga aholi soni oshib, yetuk kadrlar yetishib chiqayapti. Mamlakatning yaqin qoʻshnichilik siyosati natijasida Markaziy Osiyo mintaqasi xavfsiz makonga aylanib bormoqda. Xorijiy investorlarga yaratib berilayotgan qulay muhit esa ishbilarmon doiralari vakillari oʻrtasida katta qiziqishga sabab boʻlayotir”, dedi u.
Tadbir davomida diplomatik vakolatxona rahbari Yaponiya vakillariga Oʻzbekiston elchixonasi faxriy yorliqlarini tantanali tarzda topshirdi.
Quyida Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi faxriy yorliqlari bilan taqdirlanganlar roʻyxati eʼtiboringizga havola qilinmoqda:
-Tanaka Tetsuji, Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasini oʻrganish ilmiy-tadqiqot instituti bosh direktori;
–Masuda Yumiko, “Heisei Project” kompaniyasi prezidenti;
–Xidaka Shinsuke, Sukuba universiteti kichik professori;
–Manabu Shimizu, Yaponiya rivojlanayotgan iqtisodiyotlar instituti faxriy professori;
–Ivamoto Kyoko, “Cultural Sending Promotion Committee” kompaniyasi prezidenti;
–Kavabata Yoshiko, “Oʻzbekiston-Yaponiya” jamiyati ijrochi direktori, Tokio qishloq xoʻjaligi texnologiyalari universiteti professori;
–Shova Naoki, “Sansei Corporation” kompaniyasi prezidenti;
–Akane Masaoka, “Oʻzbekiston madaniyati va turizmi” assotsiatsiyasi raisi;
-“OISCA Interantional” tashkiloti;
-“BHN Association” tashkiloti.