Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 17-avgust kuni xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarga munosib shart-sharoitlar yaratish va ular bilan tizimli ishlash yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida qoʻyilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan muloqotda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Yaponiyada ish bilan taʼminlash masalalari oʻrganildi.

“Jyonan Kotsu Co.Ltd.” kompaniyasi Yaponiyaga xorijdan ishchi kuchi jalb qilish hamda mahalliy ish beruvchilarni xorijiy ishchi kuchi bilan taʼminlash sohasida faoliyat yuritadi. Shuningdek, mazkur kompaniyaning Samarqand viloyatida hamkorlik asosida shakllantirgan “Jyonan-Staff Bank” xususiy bandlik agentligi ham mavjud. Mazkur agentlik tomonidan hozirgi kunda Yaponiyaga kelish istagini bildirgan fuqarolar yapon tili kurslarida til oʻrganishmoqda hamda kasbga tayyorlanmoqda.

Kompaniya vakillarining soʻzlariga koʻra, ular asosan qishloq xoʻjaligi, mehmonxona xizmati, kichik tibbiyot xodimlari (hamshira) hamda qariyalar uyida xizmat olib boradigan fuqarolarni Yaponiyaga ishga jalb qilish boʻyicha amaliy ishlarni olib bormoqda. Hozirgi vaqtda “Jyonan-Staff Bank” xususiy bandlik agentligi tomonidan qishloq xoʻjaligi va qariyalar uyida xizmat olib boradigan 30 nafarga yaqin mutaxassis tayyorlanmoqda.

Uchrashuvda Oʻzbekistondan jalb qilingan fuqarolarning yangi muhitda moslashishi, yapon tilini oʻrganishdagi iqtidori, Oʻzbekiston xalqining oʻz milliy qadriyatlarga sodiqligi, xususan, mehnatkash va mehmondoʻstligi alohida eʼtiborga loyiq ekani qayd etildi.

“Inagawa Medical Welfare Group” kompaniyasi vakili T.Fujivaraning soʻzlariga koʻra, u 2018-2019-yillarda Oʻzbekistonda boʻlgan va keksa avlod vakillarini ijtimoiy himoya qilish mexanizmi bilan tanishgan.

T.Fujivara 6-7 yil davomida qariyalar uyida xizmat koʻrsatish borasida Vyetnam davlati bilan “texnik stajyorlarni tayyorlash” dasturi doirasida ishlab kelishini bildirdi. Unga koʻra, mazkur sohada faoliyat yuritish uchun, birinchi navbatda, yapon tilini bilish va soha boʻyicha ishlashda toʻgʻri yoʻnalishga ega boʻlish talab etiladi.

Kompaniya vakillariga Oʻzbekiston bilan Yaponiya hukumatlari oʻrtasida imzolangan “maxsus malakali ishchilar” maqomiga ega boʻlgan xorijiy mehnat resurslarini ishga qabul qilish tizimini amalga oshirish doirasida axborot hamkorligini amalga oshirish sohasida hamkorlik memorandumi mexanizmi ishlab chiqilayotgani, mazkur hujjat tez fursatlarda hukumatlar kelishuvi yakuniga koʻra, amaliyotga tatbiq etilishi bildirildi.

Shu oʻrinda elchixona tomonidan kompaniya vakillariga “maxsus malakali ishchilar” viza tizimi ish boshlagunga qadar, fuqarolarni til oʻrgatish kurslarida va malaka kurslarida tayyorlash ishlarini jadallashtirish, tizim ishga tushgach, fuqarolarni Yaponiyaga yuborish masalasini koʻrib chiqish taklif qilindi. “Maxsus malakali ishchilar” maqomiga ega mehnat migrantlarini Yaponiyaga yoʻnaltirish, ularni ish bilan taʼminlash borasida birgalikda hamkorlik qilishga kelishib olindi.