Yaponiya kompaniyasi Fargʻonada qishloq xoʻjaligi sohasiga dronlar xizmatini tatbiq etadi

    Agrosektor 24 Noyabr 2022 677

    Fargʻona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Yaponiyaning Sanctuary va DS Drone School Osaka kompaniyalari rahbari Uemura Masatoni qabul qildi.

    Uchrashuvda Yaponiya kompaniyasi ishtirokida Fargʻona viloyatida “aqlli” qishloq xoʻjaligi tizimini joriy etish, tizimga axborot texnologiyalarini joriy etgan holda dronlar bilan tasvirga olish orqali qishloq xoʻjaligida mahsulot yetishtirish hamda ekinlarni parvarishlash ishlari samaradorligini oshirish, dronlar yordamida ekinlarni kimyoviy oʻgʻitlashni yoʻlga qoʻyish kabi masalalar muhokama etildi. Shuningdek, Fargʻona shahridagi Ekoshahar hududida ushbu kompaniya investitsiyasi hisobiga amalga oshirishga kirishilayotgan Kobe yapon restorani loyihasi yuzasidan ham fikr almashildi.

    Uemura Masato qishloq xoʻjalik sohasida respublikada eng ilgʻor hudud boʻlgan Fargʻona viloyatida qishloq xoʻjalik sohasiga “aqlli” texnologiyalarni joriy etilishi, iqtisodiy samaradorlikni yanada oshirishiga eʼtibor qaratib, oʻz kompaniyasi tomonidan viloyatdagi klasterlar hamda fermer xoʻjaliklari uchun dronlar orqali dalalarda ekin parvarishi jarayonlari yuzasidan maʼlumot yigʻish hamda tahliliy monitoring yuritish, shuningdek, Yaponiyada ishlab chiqarilgan 30 kilogramm yuk koʻtarish quvvatiga ega qishloq xoʻjalik dronlari orqali ekinlarni kimyoviy oʻgʻitlash xizmatini tashkil etishni rejalashtirilayotganini bildirdi.

    Dastlabki bosqichda amaliy samaradorlikni koʻrsatib berish uchun ushbu xizmatlar bepul taqdim etiladi, keyin klasterlar bilan shartnomaviy asosda ish tashkil etiladi.

    Shuningdek, ushbu tizimni viloyatda joriy etishda zarur mutaxassislarni tayyorlash uchun qishloq xoʻjaligi sohasiga ixtisoslashgan dronchilar tayyorlash maktabini tashkil etish hamda muvaffaqiyatli bitiruvchilarga xalqaro sertifikatlar berish tizimini joriy qilish koʻzda tutilgan.

    Qishloq xoʻjaligi tarmogʻiga innovatsiyalarni qoʻllash, ishlab chiqarishni tashkil etishga koʻmak beruvchi ushbu loyiha viloyat hokimligi tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi bildirildi. Yapon kompaniyasi oʻz faoliyatini Fargʻona shahrida tashkil etilgan va yil yakuniga qadar foydalanishga topshiriladigan Viloyat hududiy agroxizmatlar markazi qoshida tashkil etishi belgilandi, deb xabar beradi Fargʻona viloyati hokimligi matbuot xizmati.