Yaponiya kompaniyasi Oʻzbekistonda tejamkor generatorlar va quyosh panellari oʻrnatish loyihasini amalga oshirishga qiziqish bildiryapti

    Energetika 5 Avgust 2022 1842

    Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining tegishli bandlari ijrosini taʼminlash maqsadida mamlakatimizning Tokiodagi elchixonasi Yaponiyaning “Hanwa Co., Ltd” kompaniyasi boshqaruvchisi Daygoro Fukuzava bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Suhbat chogʻida yapon kompaniyasi oʻz hamkorlari bilan birgalikda respublikamizning chekka hududlarida joylashgan kasalxonalarda mustaqil elektr ishlab chiqarish texnologiyasi tatbiq etilishi loyihasini amalga oshirish, jumladan, tibbiy muassasalarda gaz va dizel yoqilgʻisi yordamida elektr quvvati ishlab chiqaruvchi tejamkor generatorlar va quyosh panellarini oʻrnatishdan manfaatdorlik bildirdi.

    Muzokaralar davomida Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasida “JCM” (qoʻshma kreditlash mexanizmi) asosida karbon kreditlarni yapon tomoniga eksport qilish loyihasi bilan bogʻliq masalalar ham atroflicha muhokama qilindi.

    Ushbu loyihani amalga oshirish uchun Oʻzbekiston energetika, sogʻliqni saqlash, investitsiya va savdo vazirliklari, tuman hokimliklari va mahalliy tibbiyot muassasalari sarmoyalari hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning “Rivojlanishga rasmiy koʻmak” dasturi imkoniyatlarini jalb qilish nazarda tutilgan.

    Yapon tomonining bildirishicha, tibbiy muassasalarda muqobil energiya manbaining uzluksiz mavjud boʻlishi bemorlar hayoti va sogʻligini muhofaza qilish, xarajatlarni qisqartirish hamda elektr manbaiga ortib borayotgan ehtiyojlarni qondirish maqsadida loyihaning asosiy obyekti sifatida aynan tibbiyot muassasalari tanlab olingan.

    Shu bilan birga, mustaqil elektr ishlab chiqarish texnologiyasini tatbiq etishning afzal tomonlari respublikamizda elektr energiyasiga ortib borayotgan talabni qondirish, magistral elektr uzatish tarmoqlari va kichik stansiyalarda kuchlanishning oldini olish asosiy maqsadlardan biri ekanligi alohida taʼkidlandi.

    Oʻz navbatida, elchixona vakillari tomonidan respublikamizning chekka hududlaridagi boshqa ijtimoiy ahamiyatga molik obyektlarda ham ushbu loyihalarni amalga oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi. Shu oʻrinda taklif etilayotgan loyihaning yutuq va afzalliklarini namoyon qilish maqsadida respublikamizning mahalliy tibbiyot muassasalaridan birida yapon kompaniyasi va hamkorlarining tejamkor muqobil energiyasi ishlab chiqaruvchi generatorni oʻrnatish loyihasini tatbiq etish taklif qilindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.