Yaponiya korxonalari bilan Orolbo'yi mintaqasida ilmiy-tadqiqot loyihalari amalga oshiriladi

    Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar jarayoniga xalqaro hamjamiyatni jalb etishga yo'naltirilgan ishlar doirasida O'zbekistonning Tokiodagi elchixonasi tashabbusi bilan Yaponiyaning Tokiwa Phytochemical Co. Ltd korxonasi, Tokio qishloq xo'jaligi va texnologiyalari universiteti, Syova farmatsevtika universiti bilan Qoraqalpog'iston qishloq xo'jaligi va agrotexnologiyalar instituti o'rtasida onlayn muzokaralar tashkil etildi.

    Tokiwa Phytochemical Co. Ltd fitokimyo sohasiga ixtisoslashgan korxona hisoblanadi. 1949-yilda tashkil topgan ushbu kompaniya asosan farmatsevtika, kosmetika va oziq-ovqat ingrediyentlarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi.

    Tokiwa Phytochemical Co. Ltd boshqarmasi boshligʻi N.Kimura oʻz korxonasi 1970-yillardan buyon Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilib kelayotganini, jumladan, yurtimizdan qizilmiya ekstraktini import qilish asnosida uni qayta ishlash bilan shugʻullanayotganini aytdi. Shuningdek, u korxona tomonidan Oʻzbekistonda efedra oʻsimligini yetishtirish boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazish yuzasidan jiddiy qiziqish mavjud ekanligini ham bildirdi.

    Oʻz navbatida, Oʻzbekiston hukumati tomonidan Orol fojeasi oqibatlarini minimallashtirish va iqlim oʻzgarishining salbiy taʼsirini yumshatish, jumladan, Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish boʻyicha keng qamrovli va uzoq muddatli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani yapon tomoniga maʼlum qilindi.

    Qoraqalpogʻiston Qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti prorektori B.Jollibekov muzokara qatnashchilari bilan institut haqidagi maʼlumotlarni oʻrtoqlashar ekan, Orolboʻyi mintaqasida efedra oʻsimligini yetishtirish uchun barcha sharoitlar mavjudligini, xususan, hukumat tomonidan qulay investitsiya muhiti yaratilgani va ilmiy-tadqiqotlar olib borish uchun maxsus grantlar ajratilayotganini aytdi. Shu bilan birga, hozirgi paytda yurtimizda dorivor oʻsimliklarni yaratish va agrotexnologiyalar boʻyicha mutaxassislar tayyorlashga katta eʼtibor qaratilayotgani va bu jarayonga Tokiwa Phytochemical salohiyatini jalb qilishdan mamlakatimiz manfaatdor ekanligi bildirildi.

    Tadbir yakunida kelgusidagi oʻzaro hamkorlikning mexanizmlarini belgilash hamda ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirishni koʻzda tutadigan Memorandumni imzolashga kelishib olindi.