Yaponiyaning “BHN Association” va “NTT TC Leasing” notijorat tashkilotlari Oʻzbekistondagi oliy taʼlim va tadqiqot muassasalari uchun 200 dona “Toshiba Dynabook” noutbuklarini begʻaraz taqdim etdi, deb xabar qilmoqda «Dunyo« AA.
«Yoshlar tashabbusi platformasi: akademik mukammallikni oshirish« nomli ushbu loyiha Yaponiya Hukumati granti asosida amalga oshiriladi. Uning umumiy qiymati 485 ming AQSH dollarini tashkil etadi. Kompyuterlar Oʻzbekistondagi 8 ta yetakchi universitet va ilmiy-tadqiqot muassasalariga topshiriladi.
Mazkur grant loyihasi yapon tomoni bilan hamkorlikda amalga oshirilgan Oʻzbekiston taʼlim muassasalarini zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlashga qaratilgan uchinchi yirik dastur hisoblanadi. 2021–2022-yillarda 1420 dona “Samsung” planshetlari, 2023-yilda esa 80 dona “Apple” va “Windows” kompyuterlari Oʻzbekistonga taqdim etilgan edi.
Mazkur uchinchi bosqichni amalga oshirishda Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi va Oʻzbekiston–Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi katta tashabbus koʻrsatdi.
Loyiha nafaqat mamlakatlarimiz oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga, balki Oʻzbekistonda raqamli taʼlim infratuzilmasini rivojlantirishga hissa qoʻshadi.