Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilganidek, keyingi yillarda Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. Bu tibbiyot sohasidagi aloqalarda ham yaqqol seziladi.
Xususan, Yaponiya hukumatining grant dasturi doirasida mammografiya apparatlarini yetkazib berish loyihasi shu yoʻldagi navbatdagi muhim qadam hisoblanadi.
Mazkur loyiha 2025 — 2026-yillarga moʻljallangan boʻlib, 5,7 million AQSH dollari qiymatidagi eng zamonaviy yapon tibbiy uskunalarini yetkazib berish vazifalarini oʻz ichiga oladi. Muhimi, u grant yordami orqali roʻyobga chiqariladi.
Loyihadan koʻzlangan asosiy maqsad — Oʻzbekistonda ayollarni koʻkrak bezi saratonini erta aniqlashga qaratilgan skrining dasturlari bilan toʻliq qamrab olishdan iborat.
Mammografiya uskunalari butun mamlakatimiz boʻylab tuman tibbiyot birlashmalariga taqdim etiladi. Mazkur tashabbus Prezidentimizning 2024-yil 21-fevraldagi tegishli Farmoni bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston 2030” strategiyasiga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Muloqot davomida Yaponiya hukumatining grant dasturi doirasida mammografiya apparatlarini yetkazib berish boʻyicha memorandum imzolandi.








