Yaponiya SLIM moduli Oyga qachon qo'ndirilishini ma'lum qildi

    Yaponiyaning Smart Lander for Investigating Moon (SLIM) moduli 2024-yil 20-yanvarda Oy yuzasiga yumshoq qo'ndiriladi.

    NHK telekanalining Yaponiya aerokosmik tadqiqotlar agentligidagi manbalariga tayanib xabar berishicha, modul 25-dekabr kuni Oy orbitasiga chiqishi kerak, shundan so'ng uning parvoz missiyasiga tuzatishlar kiritilishi mumkin.

    Qurilma mo'ljallangan nuqtadan 100 metrdan uzoq bo'lmagan masofada taxminan 20 daqiqada Oyga tushishi kerak.

    “Oyga zondning muvaffaqiyatli qo'nishi Yaponiyani Sovet Ittifoqi, AQSh, Xitoy va Hindistondan keyin bunday muvaffaqiyatga erishgan beshinchi davlatga aylantiradi”, deb xabar berdi telekanal.

    200 kilogrammli SLIM modulining balandligi – 2,4 metr. Qurilmaning asosiy maqsadi Oy yuzasi relyefini o'rganish va Yerning tabiiy yo'ldoshidagi jinslarning elementar tarkibini aniqlashdan iborat, deb xabar beradi lenta.ru.