Yaponiya ta’lim tashkiloti O‘zbekistonda universitet ochishni rejalashtirmoqda

    Ta'lim 15 Sentabr 2020 7914

    O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi G‘ayrat Fozilov 15 sentyabr kuni "Yamanasi Gakuin" ta’lim kompaniyasi boshqaruvchilar kengashi a’zosi J.Yamada bilan uchrashib, O‘zbekistonda universitet ochish bo‘yicha keyingi amaliy qadamlarni muhokama qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

    Uchrashuvda qonunchilik bazasini yaratish va O‘zbekistonda universitet tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun "Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

    Universitet faoliyatining birinchi bosqichida biznes, amaliy texnologiyalar, aviatsiya va arxitektura bo‘yicha bakalavr hamda magistr dasturlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

    Bunday tuzilma dastlabkisi bo‘lib, keyingi muzokaralar jarayonida O‘zbekiston tomoni bilan muhokama qilinadi va kelishib olinadi. Taklif etilayotgan mavzular va mutaxassisliklarni O‘zbekiston iqtisodiyoti ehtiyojlariga qarab kengaytirish ko‘zda tutilgan.

    Tadbir yakunida epidemiologik vaziyat yaxshilaganidan so‘ng Yaponiya universiteti vakillarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish va loyiha bilan bog‘liq barcha masalalarni muhokama qilishga kelishib olindi.