Turizm qoʻmitasi va Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan ushbu loyiha yaponiyalik tomoshabinlarni Oʻzbekiston madaniyati va yutuqlari bilan tanishtirishga qaratilgan.
Yanvar oyida MBS telekanalining suratga olish guruhi Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Birinchi koʻrsatuv Toshkent haqida boʻlib, unda boshlovchi Xaruka Maeda “Besh qozon” osh markaziga tashrif buyurib, oʻzbek milliy taomi — osh tayyorlash jarayoni bilan tanishdi.
Soʻng “Alisher Navoiy”, “Kosmonavtlar” kabi oʻziga xos arxitekturaga ega Toshkent metropoliteni bekatlarini koʻzdan kechiradi. Shuningdek, u yoʻlovchilar bilan suhbatlashib, ularning metro haqidagi fikrlarini oʻrganadi.
Koʻrsatuvning keyingi soni Samarqand shahri, uning “Registon” majmuasi, “Bibixonim” masjidi va Siyob bozori kabi tarixiy obidalariga bagʻishlangan. Shuningdek, Maeda tabiiy materiallardan buyumlar yasovchi hunarmandlarning mahoratini alohida taʼkidlab oʻtgan.
Dasturning maxsus sonlari tomoshabinlardan ijobiy baho oldi va 2025-yilning 13-aprelidan 13-noyabrigacha Yaponiyada oʻtkaziladigan “Expo Osaka 2025” koʻrgazmasi davomida yana namoyish etilishi kutilmoqda.