Dastlab mehmonlar institut faoliyati bilan tanishtirilib, institutda xurmoni quritish loyihasida olib borilayotgan ishlar taqdimot qilindi.
Mahalliy sharoitda yetishtirilgan xurmo mevasini qanday quritish usuli bugun institutda sinov-tajribadan oʻtkazilyapti. Bir oy davomida quritilib, sotishga tayyor boʻlgan xurmo mevasidan yaponiyalik mehmonlar ham tatib koʻrishdi va aʼlo baho berishdi. Ushbu quritilgan xurmolarni shartnoma asosida mahalliy savdo doʻkonlariga sotish rejalashtirilgan. Loyiha doirasida institut xodimlari tomonidan mahalliy aholiga xurmo mevasini qanday quritish boʻyicha tavsiyalar berib borishi mehmonlarda qiziqish uygʻotdi.
— Institutimiz qishloq xoʻjaligi va agrar sohada mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashtirilgan, — dedi institut rektori Sh.Hasanov. — Biz jahon standartlariga mos yetuk kadrlar tayyorlash yoʻlida xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatib, ular bilan turli loyihalarda samarali ishlar olib bormoqdamiz. Masalan, institut Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) hamda Tokio qishloq xoʻjaligi va texnologiyalar universiteti bilan hamkorlikda “Samarqandda xurmo mevasini quritish orqali qishloq aholisi daromadini oshirish” loyihasi ustida ish olib boryapti. 2023-2026-yillarda amalga oshirish rejalashtirilgan ushbu loyihaning umumiy qiymati 1 mln. AQSH dollarini tashkil etadi.
Yaponiyalik mehmonlar institutda amalga oshirilayotgan boshqa loyihalar bilan ham tanishib, institut hovlisiga manzarali daraxt oʻtqazishdi. Institut rahbariyati kelgusida Yaponiya oliy taʼlim muassasalari bilan yanada istiqbolli loyihalar ustida ishlash istagi borligini bildirdi.
Darhaqiqat, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) Prezidenti Akixiko Tanaka boshchiligidagi delegatsiyaning bugun Oʻzbekistonga tashrifining toʻrtinchi kuni. Delegatsiya vakillari shu kunga qadar poytaxtda Oʻzbekiston-Yaponiya davlatlarining samarali hamkorligi borasida nufuzli doiralarda uchrashuvlar oʻtkazdi.
Hamkorlik materiali