Yaponiya yurtimizdagi uchta tibbiyot markazi uchun grant ajratdi

    Yaponiyaning “Sojitz” korporatsiyasi bilan hamkorlikda joriy yilda davlat-xususiy sheriklik asosida Samarqand shahrida 800 oʻrinli klinikaning qurilishi boshlanishi rejalashtirilgan.

    Sogʻliqni saqlash vazirligida Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Xatori Takashi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Unda ikki tomonlama hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda istiqboldagi rejalar haqida soʻz bordi.

    Taʼkidlanganidek, Yaponiya Oʻzbekistonning ishonchli hamkori boʻlib, kunchiqar mamlakat hukumati koʻmagida yurtimiz tibbiyot muassasalarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish, kadrlar tayyorlash kabi yoʻnalishlarda qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

    Xususan, Sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov Yaponiya tomonidan mamlakatimiz uchun taqdim etilgan zamonaviy diagnostika uskunalari bilan jihozlangan maxsus tibbiy konteynerlar olis hududlarda yashovchi yurtdoshlarimizni ham zamonaviy tibbiy xizmatlar bilan qamrab olish imkonini berayotganligini bildirdi.

    Yaponiyaning “Sojitz” korporatsiyasi bilan hamkorlikda joriy yilda davlat-xususiy sheriklik asosida Samarqand shahrida 800 oʻrinli klinikaning qurilishi boshlanishi rejalashtirilgan boʻlib, bu Samarqand viloyati aholisiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini yanada yaxshilash imkonini beradi.

    Ushbu davlatning bir qancha tibbiyot oliygohlari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, qoʻshma taʼlim dasturlari asosida tibbiyot mutaxassislari tayyorlanmoqda. Uchrashuvda tibbiy taʼlim sohasidagi oʻzaro aloqalarni yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.

    Yaponiya tomonidan “Kichik miqyosli ijtimoiy loyihalarga begʻaraz yordam” dasturi doirasida yurtimiz tibbiyot muassasalariga zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar xarid qilish uchun grantlar ajratib kelinayotgani ularning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

    Uchrashuvda mazkur dastur doirasida yana uchta loyiha boʻyicha grant shartnomalari imzolandi.

    Shunga koʻra, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro filiali, Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika perinatal markazini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan taʼminlash uchun grant mablagʻlari ajratiladi.

    Muloqot chogʻida Xatori Takashi Yaponiya bundan keyin ham Oʻzbekistonda yuqori sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashga hissa qoʻshishda davom etishini maʼlum qildi.