Oʻzbek xalqining boy madaniyati, urf-odatlari, milliy anʼana va qadriyatlarini oʻzida mujassam etgan milliy hunarmandchilik va toʻqimachilik mahsulotlari, yapon tilida tayyorlangan turli maʼlumotnoma, qoʻllanma va fotomateriallar mamlakatimiz boʻlmasidan joy oldi.
Shuningdek, koʻrgazma doirasida milliy mahsulotlarimiz eksportini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Yaponiyada yurtimizning milliy mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanadigan "Misty Caravan" kompaniyasi bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan toʻqimachilik, kasanachilik, gilam, sharob va non mahsulotlarining savdosi ham uyushtirildi.
Mazkur tadbir tashkilotchisi - Minato meriyasi Xalqaro aloqalar departamenti direktori Sugai Mariko bu yilgi tadbirda 12 mamlakat elchixonasi tomonidan milliy boʻlmalar tashkil etilgani maʼlum qilindi.
U mamlakatimiz milliy boʻlmasi koʻpchilikning eʼtibori markazida boʻlganini qayd etar ekan, joriy yil sentyabr oyida Minato tumani bilan hamkorlikda mahalliy hamjamiyat vakillari oʻrtasida Oʻzbekistonni keng tanitish imkonini beruvchi konsert dasturlari tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirdi.
"Shubha yoʻqki, bunday madaniy tadbirlar xalqlarimiz oʻrtasida doʻstlik rishtalarni mustahkamlashga va yapon sayyohlari oqimini koʻpaytirishga koʻmaklashadi", dedi u.
Maʼlumot tariqasida qayd etish oʻrinliki, "Minato festivali" har yili Tokio shahrining Minato tumani meriyasi tomonidan uyushtiriladi. Mazkur madaniy tadbir ishi bilan qariyb 200 ming kishi tanishadi.