Yaponiyada Hindistonda oʻtkaziladigan oʻzbek kurashi boʻyicha Jahon chempionati uchun saralash bahslari boʻlib oʻtdi

    Sport 21 Oktabr 2022 2134

    Yaponiyaning Osaka shahrida 2022-yil 23-28-noyabr kunlari Hindistonning Puna shahrida boʻlib oʻtadigan oʻzbek kurashi boʻyicha navbatdagi Jahon chempionatining saralash bosqichi oʻtkazildi.

    Saralash bosqichida erkaklar va ayollar oʻrtasida 24 nafar kurashchi qatnashib, turli vaznlarda 32ta bahs boʻlib oʻtgani holda Hindistonda oʻtadigan Jahon chempionatining qatnashchilari saralab olindi.

    Tadbirda mamlakatimiz elchixonasi masʼul xodimlari yosh kurashchilarga boʻlajak jahon birinchiligida omadlar tiladi.

    Yaponiya Kurash federatsiyasi prezidenti Kamaga Xideo dunyodagi koronavirus bilan bogʻliq vaziyat tufayli Kunchiqar mamlakatda kurash musobaqasi uch yillik tanaffusdan keyin qayta tashkil etilganidan mamnuniyat bildirdi. U soʻnggi yillarda yapon yoshlari orasida oʻzbek kurashiga boʻlgan qiziqish tobora ortib borayotganini, saralash bahslarida 24 nafar sportchining qatnashuvi buning yorqin dalili ekanligini maʼlum qildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Kamaga Xideoning aytishicha, yapon kurashchilari Hindistonda boʻlib oʻtadigan Jahon chempionatida yuqori natijalarni qayd etsa, ular 2023-yil sentyabr oyida Xitoyda oʻtkaziladigan Osiyo oʻyinlarida ishtirok etish imkoniga ega boʻladi. Shu sababli boʻlajak dunyo birinchiligiga kurashchilarni puxta tayyorlash kerakligiga eʼtibor qaratdi.