Yaponiyada ishlash istagidagi fuqarolarga til va kasb oʻrgatiladi

    Ijtimoiy hayot 30 Oktabr 2020 7574

    Memorandum asosida Yaponiya oʻz mehnat bozorini Oʻzbekiston uchun ochib berdi. Bugungi kungacha mingdan ortiq fuqarolarimiz Yaponiyaga ishlash uchun oʻz ehtiyojini bildirgan. Mazkur davlatning sanoat, qurilish, qishloq xoʻjaligi va uy xoʻjaligi sohalari boʻyicha 345 mingta xorijiy ishchiga ehtiyoji mavjud.

    Bugun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida 2019-yil 28-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi va Yaponiya oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlikni yana-da kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda 2020-yil 15-sentyabrdagi “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarorlari, shuningdek, 2019-yil 17-dekabrdagi “Maxsus malakali ishchilar” maqomiga ega boʻlgan xorijiy mehnat resurslarini ishga qabul qilish tizimini amalga oshirish toʻgʻrisidagi oʻzaro hamkorlik Memorandumi ijrosini taʼminlash maqsadida videokonferensaloqa shaklida uchrashuv tashkil etildi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari va Yaponiya Adliya vazirliklari, Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi, Yaponiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi masʼul xodimlari ishtirok etgan uchrashuvda ikki davlat oʻrtasida tartibli va xavfsiz mehnat migratsiyasida hamkorlikni yana-da kengaytirish, Yaponiya davlatida mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida boʻlgan fuqarolarimizga Oʻzbekiston hududida yapon standartlariga mos keladigan boshlangʻich darajadagi yapon tilini oʻqitish, zarur boʻlgan kasblarga tayyorlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.

    Prezidentimizning Yaponiyaga tashrifi doirasida imzolangan “Maxsus malakali ishchilar” maqomiga ega boʻlgan xorijiy mehnat resurslarini ishga qabul qilish tizimini amalga oshirish toʻgʻrisidagi oʻzaro hamkorlik Memorandumiga muvofiq, fuqarolarimizni “Maxsus malakali ishchilar” maqomida Yaponiyada ishlash uchun yuborish tizimini joriy etish uchun Toshkent shahrida yapon tili va malaka imtihonlarini oʻtkazuvchi test markazini ochish masalalari muhokama qilindi.

    Ayni paytda “Ishga marhamat” monomarkazida yapon tili va kasb-hunarga oʻqitish markazi ochilgan boʻlib, Yaponiyada ishlash istagidagi fuqarolarga til va kasb oʻrgatiladi.