Yaponiyada kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q

    Voqea-hodisalar 5 Iyul 2020 1708

    Mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, shanba kuni Yaponiyaning janubi-g‘arbiy hududlarida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik natijasida halok bo‘lgan va jabrlanganlar ichida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

    OAV xabarlariga ko‘ra, kuchli sel ta’sirida Kumagava daryosining toshishi natijasida Kumamura (Kumamoto prefekturasi) qishlog‘idagi qariyalar uyini suv bosgan. Voqea joyiga etib kelgan qutqaruvchilar 14 kishini klinik o‘lim belgilari bilan chiqarib olishdi. Ko‘chki oqibatida ikki kishi vafot etgan, to‘qqiz kishi bedarak yo‘qolgan.

    «Kumamoto va Kagosima prefekturalarida 200 mingdan oshiq odamlarga xavfning maksimal beshinchi darajasi e’lon qilinib, evakuatsiya qilish to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan. Bu odamlar hayotiga bevosita yana tahdid mavjudligini anglatadi», deb xabar bermoqda TASS agentligi.

    Mamlakat Milliy meteorologiya boshqarmasi daryolarning toshishi, ko‘chkilar va hududlarni suv bosishi xavfi haqida ogohlantirmoqda. Mutaxassislar ko‘ra, Kumamoto prefekturasining ba’zi tumanlarida kuniga 479,5 mm yomg‘ir yog‘di.