Koʻrgazma doirasida Oʻzbekiston madaniyati va sayyohlik salohiyatiga bagʻishlangan stend tashkil etildi. Ishtirokchilar Oʻzbekiston tarixi, zamonaviy rivojlanishi, madaniyati va sayyohlik salohiyati bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻldilar. Shu bilan birga, oʻzbek milliy hunarmandchilik mahsulotlari va milliy taomlari Yaponiyaning “Japan Trading”, “TOKU”, “Kinuya” va “Misty Caravan” kompaniyalari stendlari vositasida ham namoyish etildi.
Mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasidan olingan maʼlumotlarga koʻra, koʻrgazma Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yaponiya oʻrtasida diplomatiya munosabatlari oʻrnatilganligining 30 yilligi munosabati bilan “Kadokava” nashriyot-uyi tomonidan Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi bilan oʻzaro hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbir 23-fevraldan 21-martga qadar oʻtkazilayotgan taniqli yapon yozuvchisi Mori Kaoruning Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqlari madaniyati va qadriyatlari haqidagi “Otoyome-gatari” (“Kichik kelinning hikoyasi”) nomli asari koʻrgazmasi doirasida tashkil etildi.
Tashkilotchilar tomonidan maʼlum qilinishicha, koronavirus pandemiyasiga qaramasdan tadbirga Yaponiyaning turli shaharlaridan 5 ming nafarga yaqin mehmon kelgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
Oʻzbekiston milliy stendi oʻzining jozibadorligi bilan ishtirokchilarda alohida taassurot qoldirdi. Bu, shubhasiz, yapon jamoatchiligining Oʻzbekiston madaniyatiga boʻlgan qiziqishini yanada oshiradi hamda yurtimizga sayyohlar oqimining koʻpayishiga xizmat qiladi.