Yaponiyada o'limga olib keluvchi xavfli kasallik tarqalmoqda

    Yaponiyada “go'sht yeyuvchi bakteriya” deb ataladigan kasallik tarqalmoqda va 48 soat ichida odamning o'limiga sabab bo'lishi mumkin. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

    Gap oddiy A guruhi streptokokklari – havo tomchilari va aloqa orqali yuqadigan beta-gemolitik bakteriya haqida ketmoqda. Ko'pincha infeksiya tomoqqa ta'sir ko'rsatadi.

    “Odamlar ko'pincha streptokokklar, shu jumladan “go'sht yeyuvchi bakteriya” deb ataladigan A streptokokklari bilan kasallanishadi, ammo infeksiyalanganlarning hammasi ham streptokokk toksik shok sindromiga duchor bo'lishmaydi”, deb yozadi nashr.

    Streptokokk toksik shok sindromi ko'pincha oyoqlarda og'riq va shishish bilan boshlanadi. Isitma va past qon bosimi fonida oyoq-qo'llarning nekrozi tez rivojlanadi.

    “Aksariyat o'lim holatlari 48 soat ichida sodir bo'ladi. Bemor ertalab oyog'i shishganini sezsa, tushlik paytida shish tizzagacha o'tishi mumkin. Va odam 48 soat ichida o'lishi mumkin”, dedi Tokiodagi yuqumli kasalliklar tibbiyot universiteti professori Ken Kikuchi.

    Uning so'zlariga ko'ra, joriy infeksiyaning tarqalish tezligi hisobiga bu yil Yaponiyada mazkur kasallik holatlari soni 2500 ga yetishi mumkin, “qo'rqinchli o'lim darajasi 30 foizni tashkil qiladi”. Shu bilan birga, professor o'z hamkasblarini va umuman odamlarni vahima qilmaslikka va “asosiy gigiyena” qoidalariga rioya qilishga chaqirdi.

    Yaponiyada 2-iyun holatiga ko'ra streptokokk toksik shok sindromining jami 977 ta holati aniqlangan. 1999-yildan beri kasalliklarni kuzatayotgan Milliy yuqumli kasalliklar instituti ma'lumotlariga ko'ra, bu o'tgan yil davomida qayd etilgan rekord – 941 holatdan ko'p, deb xabar beradi korrespondent.net.