Lotin alifbosida yozilgan ushbu qoʻllanma 160 bet va 20 ta darslikdan iborat. Darslik boshlangʻich darajada oʻzbek tilini oʻrganayotganlarga moʻljallangan boʻlib, u oʻzbek tili grammatikasi haqida tushuncha beradi. Shu bilan birga, oʻquvchilarga ogʻzaki soʻzlash koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida kitobning ovozli shakllari ham tayyorlangan.
Muallifning aytishicha, mazkur oʻquv qoʻllanmasi orqali bemalol Oʻzbekistonda tarjimonsiz sayohat qilish yoki biznes tashriflarini amalga oshirish mumkin boʻladi.
“New Express + Uzbek language” qoʻllanmasi “Hakusuisha Publishing Co., Ltd.” nashrlik uyi tomonidan chop etildi. Kitob shu yil 29-yanvardan boshlab sotuvga chiqariladi.
Xidaka Shinsuke PHD ilmiy darajasiga ega. U 2007-yildan buyon oʻzbek tilini oʻrganib keladi. 2014-2016-yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasida ilmiy izlanishlar olib borgan hamda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti va “Oʻzbekiston-Yaponiya” markazida yapon tilidan dars bergan. Xidaka Shinsuke 2021-yil aprel oyida Tokio xorijiy tillar universiteti qoshidagi Open Academy dasturi negizida oʻzbek tili kurslari ochdi.
Yaponiyalik yosh olim, shuningdek, “Oʻzbek tilidagi taxmin yoki mumkinlikni ifodalaydigan analitik ifodalar orasidagi farqlar”, “Oʻzbek tilidagi “= chi” yuklamasining vazifalari” kabi 20 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi hamdir, deb xabar beradi “Dunyo” AA.