Yaponiyada “Oʻzbekiston bilan tanishing” deb nomlangan tadbir boʻlib oʻtdi

    Mamlakatimizning Tokiodagi elchixonasi tomonidan Yaponiyaning «Zion Investment Trust» kompaniyasi bilan oʻzaro hamkorlikda “Oʻzbekiston bilan tanishing” deb nomlangan tadbir tashkil yetildi.

    Uni uyushtirishdan koʻzlangan maqsad Yaponiyaning sarmoya, savdo va turizm yoʻnalishida faoliyat olib borayotgan yetakchi kompaniyalari va OAV vakillariga Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakatimizning investitsiya jozibadorligi hamda turizm salohiyati haqida taqdimotlar oʻtkazish bilan izohlanadi.

    Tadbirda Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari, tashkilot va uyushmalarining 50 nafardan ortiq vakillari, shuningdek, ushbu tadbirni Yaponiya OAVlarida keng yoritish maqsadida «Asahi TV», «TBS», «Fuji TV» kabi yetakchi teleradiokompaniyalar, «Yomiuri shimbun», «Jiji sushin», «Daily», «Oricon news» kabi ommaviy axborot vositalarining 20 nafardan ortiq jurnalistlari hozir boʻlishdi.

    Tadbir avvalida Oʻzbekistonning Yaponiyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi M.Abdurahmonov tomonidan soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar samarasi sifatida yapon ishbilarmon doiralari vakillarining mamlakatimizga boʻlgan qiziqishi tobora ortib borayotgani taʼkidlandi.

    «Zion Investment Trust» kompaniyasining bosh ijrochi direktori K.Yamamoto Oʻzbekistonning sarmoyaviy va sayyohlik salohiyati, xorijiy investorlarga yaratilgan qulayliklar, davlat mulklarini xususiylashtirish hamda xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash boʻyicha soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi fikr-mulohazalarini oʻrtoqlashdi. K.Yamamoto yapon kompaniyalari Oʻzbekistonda toʻqimachilik, qurilish, koʻchmas mulk, axborot texnologiyalari va xizmat koʻrsatish sohalarida faollikni yanada oshirishga daʼvat yetdi.

    Shuningdek, tadbirda Yaponiyaning mashhur teleboshlovchisi Xideyuki Nakayama hamda YouTube videoxostingida salkam 1 million kuzatuvchisiga ega boʻlgan bloger Neo Oʻzbekistonning tarixiy shaharlari, qadimiy obidalari, urf-odat va anʼanalari hamda iqtisodiy salohiyati haqida viktorina oʻtkazdi. Bu tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi.