Yaponiyada 17-dekabrdan beri tinmayotgan qor oqibatida 8 kishi halok boʻldi, 45 kishi jarohatlandi, deb xabar bermoqda NHK mamlakat Ichki ishlar vazirligiga tayanib.

Qurbonlar orasida yoshlar ham, keksalar ham bor. Masalan, 20 yoshli qiz qor bilan qoplangan mashina ichida oʻlik holda topilgan. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, u avtomobil glushetili qorga toʻlib qolganidan soʻng is gazidan zaharlangan. 80 yoshli qariya esa uy tomidan tushgan qor ostida qolib halok boʻldi.

Jarohatlanganlarning 19 nafari ogʻir tan jarohati, xususan, sinish bilan kasalxonaga yotqizilgan.

Mamlakatda qor yogʻishi ortidan yuzaga kelayotgan baxtsiz hodisalar tufayli yoʻllarda muammolar boshlandi, aeroportlarda parvozlar bekor qilindi, deb taʼkidlaydi NHK.

Sinoptiklarning prognoz qilishicha, mamlakatda yomon ob-havo davom etadi. 26-dekabr, dushanba kuni ham Yapon dengizi sohillarida, ham Tinch okeani tomonda kuchli qor yogʻishi kutilmoqda.