Mitsubishi Estate, Japan Airlines va Kanematsu savdo-investitsiya korporatsiyasi hamkorlikda Tokioda uchar avtomobillar bilan tajriba o'tkazdi. Birinchi bosqichda Mitsubishi Estate Tokio markazidagi ofis osmono'par binolarining tomlari va hududlarida uchar mashinalar o'rnatish uchun joylarni tanlaydi. Xarajatlar smetasi tuziladi va dastlabki tajribalar o'tkaziladi. Boshqariladigan uchar apparatlarning birinchi haqiqiy sinov parvozlari 2024-moliya yilida amalga oshirilishi kutilmoqda.
Bir qator yapon kompaniyalari 2025 yilda uchar avtomobillardan tijoriy foydalanishni yo'lga qo'yish niyatida. Xususan, ular Osaka shahrida bo'lib o'tadigan Butunjahon ko'rgazmasida yo'lovchilarni tashish uchun ishlatilishi kerak. Hozirda uchar avtomashinani boshqarish uchun litsenziya olish shartlari, bunday qurilmalarning xavfsizlik mezonlari, foydalanish sohalari va boshqalar belgilanmoqda.
Yaponiya hukumati bu yo'nalishdagi ishlarni tezlashtirmoqda, chunki Yomiuri gazetasi yozganidek, AQSh, Evropa Ittifoqi va Xitoy kompaniyalarining uchar avtomobillarini joriy etishda raqobat kuchayib borayotganidan xavotirda. Yaponiya korporatsiyalari ham ularga sarmoya kiritadi. Xususan, Singapur 2023 yilda Germaniyada ishlab chiqarilgan uchar apparatlarni ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Ushbu loyihada Yaponiyaning Japan Airlines aviakompaniyasi ham ishtirok etmoqda.
AQShning eng yirik banklaridan biri Morgan Stanley ma'lumotlariga ko'ra, 2040 yilga borib uchar avtomobillar global bozori 1,5 trillion dollarga etishi mumkin.