Yaponiyada “Oʻzbekiston biznes-forumi” boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 27 Oktabr 2023 773

    Mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasi BMTning sanoat taraqqiyoti boʻyicha tashkiloti — UNIDOning Tokiodagi Investitsiyalar va texnologiyalarni ilgari surish byurosi (UNIDO ITPO) vakolatxonasi bilan oʻzaro hamkorlikda “Oʻzbekiston biznes-forumi”ni tashkil etdi.

    Unda UNIDO ITPOning Tokiodagi vakolatxonasi rahbari, Oʻzbekistonning Nagoyadagi faxriy konsuli, “Meinan Co.Ltd” kompaniyasi prezidenti, “Masui Co.Ltd.” kompaniyasining mintaqaviy direktori hamda Oʻzbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi masʼul vakili soʻzga chiqdi.

    Shuningdek, ushbu forumda Yaponiya ishbilarmon doiralari, turli tashkilotlari va sayyohlik kompaniyalarining vakillari ham ishtirok etdi.

    UNIDO ITPOning Tokiodagi vakolatxonasi rahbari oʻz nutqida soʻnggi yillarda xalqaro moliya institutlarining mamlakatimizga boʻlgan ishonchi va oʻzaro hamkorlikka boʻlgan qiziqishi ortib borayotganini qayd etar ekan, Yaponiya va Oʻzbekiston oʻrtasida tobora ravnaq topayotgan keng koʻlamli aloqalarga atroflicha toʻxtaldi.

    Biznes-forum doirasida mamlakatimizning savdo va investitsiyaviy salohiyatiga bagʻishlangan taqdimot boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekistonning Yaponiya bilan iqtisodiy hamkorligi masalalariga alohida eʼtibor qaratilgani holda hozirgi kunlarda yapon kompaniyalarining toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalar, savdo shartnomalari va salohiyatli hamkorlik yoʻnalishlari haqidagi maʼlumotlarga urgʻu berildi.

    Shu bilan birga, anjuman ishtirokchilarining eʼtibori mamlakatimizning investitsiya va savdo sohalaridagi katta salohiyatiga qaratilar ekan, yurtimizda iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish boʻyicha amalga oshirilgan islohotlarning natijalari, valyuta bozorini erkinlashtirish, davlat mulklarini xususiylashtirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi muhim maʼlumotlar oʻrtoqlashildi.

    Oʻz navbatida, avtomobilsozlik, toʻqimachilik, tibbiyot, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati, axborot texnologiyalari kabi tarmoqlarda oʻzaro hamkorlik aloqalarini oʻrnatish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish maqsadida yapon kompaniyalari Oʻzbekistonga taklif etildi.

    Oʻzbekistonning turizm sohasidagi boy imkoniyatlariga bagʻishlangan taqdimot vositasida esa Samarqand, Buxoro, Xiva va Termiz shaharlarining turizm salohiyati, soʻnggi yillar davomida barpo etilgan jahon andozalaridagi mehmonxonalar, ichki transport infratuzilmasi, ovqatlanish maskanlari hamda xorijiy sayyohlarga yaratilgan qulayliklar haqidagi batafsil maʼlumotlar tadbir ishtirokchilarining eʼtiboriga havola etildi.

    Tadbir soʻnggida Yaponiyadagi “Meinan Co.Ltd” kompaniyasining mamlakatimiz korxonalari bilan yaqin hamkorligi tafsilotlarini qamrab olgan taqdimot ham anjuman qatnashchilarida katta taassurot qoldirdi.

    Forum doirasida ishtirokchilarning qator ikki tomonlama uchrashuvlari ham boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.