Yaponiyaga yoʻllar ochilishi mumkin

    Dolzarb 2 Noyabr 2021 1716

    Yaponiya xorijliklarga koronavirus bilan bogʻliq kirish qoidalarini yengillashtirish uchun qisqa muddatli xizmat safarlari, chet elda oʻqish va texnik malaka oshirish uchun mamlakatga tashrif buyurishga ruxsat bermoqchi.

    Sayyohlar bu roʻyxatga kiritilmagan. Hukumat siyosatdagi bu oʻzgarishlarni shu haftaning boshida eʼlon qilishi kutilyapti, amalga oshirish ham shu oydan boshlanishi reja qilingan.

    Yozda yangi SOVID-19 holatlari sezilarli darajada pasayganligi sababli, Yaponiya xorijliklarning amalda kirishiga taqiqni bosqichma-bosqich yumshatishni maqsad qilgan. Qisqa muddatli biznes sayohatchilar uchun karantin talabi emlangan tashrifchilar uchun 10 kundan boshlab uch kungacha qisqartiriladi. Xorijiy fuqarolarni qabul qiluvchi kompaniya va tashkilotlar ularning faoliyatini nazorat qilishlari shart.

    Qisqartirilgan karantin talabi xorijda xizmat safaridan qaytgan yapon fuqarolariga ham tegishli boʻladi. Maʼlumki, joriy yilning yanvar oyidan boshlab Yaponiya immigratsiya nazoratini kuchaytirib, koronavirusning yanada yuqumli variantlari paydo boʻlishiga qarshi chora-tadbirlarni amalga tatbiq etgan edi.

    Hozirga qadar mamlakatga faqat “alohida holatlar” boʻlgan xorijliklar, masalan, qayta kirish ruxsatnomasi boʻlganlar, yapon fuqarolarining turmush oʻrtoqlari va bolalari kiritilib kelinyapti.

    1-oktyabr holatiga koʻra, qattiq chegara nazorati tufayli 370 mingga yaqin xorijlik Yaponiyaga kela olmadi, ularning qariyb 70 foizi texnik stajyorlar va chet ellik talabalardir. Ishchi kuchi tanqisligi bilan kurashayotgan qishloq, oʻrmon va baliqchilik tarmoqlari va hozirda chet ellik talabalarni qabul qila olmaydigan maktablar yangi kelganlarga ruxsat berishga chaqirdi.

    Yengillashtirilgan qoidalar yangi tashrif buyuruvchilarga nisbatan qoʻllaniladi. Kompaniyalar, maktablar yoki boshqa qabul qiluvchi tashkilotlar infeksiyani nazorat qilish choralari haqida tegishli davlat organiga hisobot berishlari kerak.

    Agar xorijda yangi variantlar paydo boʻlsa, Tokio yana kuchliroq nazoratni tiklashga tayyorligini maʼlum qilgan, deb xabar beradi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati Nikkei axborot manbasiga tayanib.

    Shu oʻrinda maʼlumot:

    2020-2021-yillarda Oʻzbekistonlik 150 dan ortiq texnik stajyorlarga Yaponiyada ishlash ruxsati berilgan boʻlsada, Yaponiyadagi immigratsion nazorat kuchaytirganligi bois ular ham Yaponiyaga kirish imkoniyatini kutib turibdi.